Qualcomm ilg‘or Snapdragon 630/660 chiplarini taqdim qildi

Qualcomm ilg‘or Snapdragon 630/660 chiplarini taqdim qildi

Qulacomm kompaniyasi mobil protsessorlar qatorini navbatdagi ilg‘or chiplari bilan to‘ldirdi. 8 yadroli Snapdragon 630 va 660 chiplari imkoniyatiga ko‘ra o‘rta darajali segmentga taalluqli bo‘lsa ham, yetakchi protsessorlarga xos jihatlar bilan boyitilgan.

Tezkor va kuchli

Snadragon 630 hamda 660 chiplari Snapdragon 653 va 625 protsessorlar turkumining o‘rnini egallaydi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, yangi protsessorlarda o‘rnatilgan X12 LTE modemi uning energo-tejamkorligini oshirgan. Ammo, chiplarning ma’lumotlarni texnik qayta ishlash tezligi o‘zgarishsiz qolgan — 14 nanometr. Shuningdek, ahamiyatli jihati ularga elektronika qurilmalari uchun ilk sun’iy aql platformasi — Snapdragon Neural Processing Engine neyronli tarmoqlari o‘rnatilgan. Bu tarmoq protsessorning boshqa qurilma va dasturlar bilan muvofiq holda maksimal salohiyatda ishlashini ta’minlaydi.

Har ikkala protsessor modeli QuickCharge 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini olgan. Bu jihatdan u jahonning eng yaxshi Snapdragon 835 bilan bellasha oladi. Uning yordamida quvvatni 15 daqiqa ichida 50%ga to‘ldirish mumkin. Yoki, 5 daqiqa quvvatlab, smartfondan 5 soatgacha foydalanish mumkin.

Yangi protsessorlar Qualcomm Mobile Security — ma’lumotlarni himoya qilish texnologiyasiga ega.  Ular 8 gigabaytgacha bo‘lgan LPDDR4 turidagi operativ xotirani qo‘llab-quvvatlaydi.

Snapdragon 630 jihatlari:
Protsessor: 8 yadroli, 64 bitli, chastota tezligi 2,2 GGs bo‘lgan Cortex A53;
Tex-jarayoni: 14 nm FinFET;
Video-karta: Adreno 508.

Snapdragon 660 jihatlari:
Protsessor: 8 yadroli, 64 bitli, chastota tezligi 2,2 GGs bo‘lgan Cryo 260;
Tex-jarayon: 14 nm FinFET;
Video-karta: Adreno 512.

Aloqa imkoniyatlari

Snapdragon 630 va 660’da o‘rnatilgan Snapdragon X12 modemi mobil qurilmalarning LTE FDD, LTE TDD, LTE Broadcast, WCDMA (DB-DC-HSDPA, DC-HSUPA), TD-SCDMA, CDMA 1x, EV-DO hamda GSM/EDGE tarmoqlarida maksimal darajada sekundiga 600 Mbitgacha ma’lumot almashish salohiyatida ishlashini ta’minlaydi. Ma’lumotlar uzatish tezligi esa 150 Mbit/s. Protsessorlar Bluetooth 5.0 hamda Wi-Fi 802.11ac Wave 2 texnologiyalarida ham ishlaydi.

Displey
Protsessorning yuqori modeli 2560×1600 pikselgacha bo‘lgan displeylarga mo‘ljallangan. Kichkina platforma esa Full HD-displeyni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kamera bilan ishlash

Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, yangi chiplarda suratlarni qayta ishlaydigan yangi Spectra 160 ISP yordamchi chipi o‘rnatilgan. Natijada, unda ishlaydigan smartfonlar manzarani yuqori aniqlikda muhrlash imkoniga egalar. Smartfon ishlab chiqaruvchilari bu chiplarni 2 ta sensordan iborat 16 megapikselli old yoki 24 Mp bosh kameralar bilan bog‘lashlari mumkin. Bu chiplar kameralarning optik yaqinlashtirish, orqa fonni xiralashtirish, avtofokus funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, surat hamda videolardagi tasvir barqarorligini ham yanada yaxshilaydi.

Ovoz bilan ishlash

Snapdragon 660 ilg‘or Qualcomm Hexagon 680 — raqamli signallarni qayta ishlaydigan chip bilan integratsiyalashgan bo‘lsa, Snapdragon 630 protsessori Qualcomm Hexagon 642 raqamli signallar chiip bilan markazlashgan.

Snapdragon 660 protsessorini ayni kunda Nokia 7 va Nokia 8 kabi mobil qurilmalarga o‘rnatilishi ma’lum. Snapdragon 630 chipiga ega mobil aloqa vositalari esa yozning ilk kunlarida taqdim qilinadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!