Qualcomm Niderlandiyaning NXP Semiconductors firmasini 47 milliard dollarga sotib oladi

Qualcomm Niderlandiyaning NXP Semiconductors firmasini 47 milliard dollarga sotib oladi

AQShning mobil protsessorlar ishlab chiqaradigan Qualcomm firmasi Niderlandiyaning NXP Semiconductors kompaniyasini 47 milliard dollarga sotib olishni rejalashtirgan. Business Insider nashrining ma’lum qilishicha, ushbu bitim yarimo‘tkazgichlar sanoati tarixida eng yirik kelishuv hisoblanadi. Qualcomm kelishuvni 2017 yilda tugatish maqsadida. Agar ushbu bitim amalga oshsa, birlashgan yirik kompaniyalarning yillik daromadi 30 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

Mazkur e’londan keyin Qualcomm kompaniyasining birjadagi aksiyalari narxi 3,7 foizga ko‘tarilgan, NXP Semiconductors firmasining aksiyalarida esa 1,9% o‘sish qayd etilgan.
NXP Semiconductors yordamida jahonning eng yirik mobil protsessorlar tayyorlaydigan firmasi smartfonlar bozoriga bo‘lgan bog‘liqligini biroz susaytirishi kutilmoqda. Sababi mobil qurilmalarga bo‘lgan talabning tushishi hamda Xitoy va Tayvandagi raqiblari tufayli Qualcomm allaqachon turli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan.

NXP Semiconductors 2015 yilda avtomobillarga turli elektronika mahsulotlari ishlab chiqaradigan Freescale Semiconductor kompaniyasini 12 milliard dollarga xarid qilgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.