Qo‘sh kamerali Moto G5S Plus’ning «jonli» suratlari tarqaldi

  •   DiMaX
  •  1052
  •  15.07.2017 11:58

Qo‘sh kamerali Moto G5S Plus’ning «jonli» suratlari tarqaldi

Rasman taqdim etilmagan, «qo‘sh ko‘zli» Moto G5S Plus smartfonining ikkita «jonli» fotosurati internetda tarqaldi. Ularni SlashLeaks resursi e’lon qilgan, ammo rasmlardagi logotipga ko‘ra, ma’lumot aynan shu TechDroider saytidan sizib chiqqan.

Aytib o‘tish kerakki, Moto G5 hamda Moto G5 Plus modellarini Lenovo shu yil fevralda taqdim etilgan, ammo ular bitta ob’yektivli kameraga ega edi. Yangi model esa o‘sha Moto G5 Plus o‘rniga taqdim etiladi. Yangi qurilmaning korpusi anodirlangan alyuminiydan yasalgan. Unga diagonali 5,5 dyuym bo‘lgan Full HD (1920x1080 pikselli) displey o‘rnatilgan. Oldingi Moto G5 smartfoniga 5 dyuymli, Moto G5 Plus’ga esa 5,2 dyuymli ekran o‘rnatilganligini inobatga olsak, Lenovo bu borada ham bir qadam ilgarilagan.

Yangi smartfonning asosiy kamerasi 13 megapikselli ikkita – bittasi rangli, ikkinchisi monoxrom  modulga ega. Old kamerasi ham selfi ishqibozlarini xursand qiladigan darajada – naq 8 megapikselli. Oldingi Moto G5 va Moto G5 Plus gadjetlarida esa selfi-kamera 5 megapikselli sig‘imga ega edi.

Asosiy kamerada bir qator qo‘shimcha effektlar mavjud, masalan, orqa fonning «yuvilishi» hamda qoraytirilishi, tasvirdagi tanlab olingan unsurlarning oq-qora gammada aks ettirilishi kabi.

Qo‘sh kamerali Moto G5 Plus sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 625 protsessori bilan jihozlangan. Uning tezkor xotirasi 4 gigabayt, ichki flesh-xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega. Bulardan tashqari, uning xotirasini 128 gigabaytgacha hajmdagi microSD kartasi yordamida kengaytirish imkoni mavjud.

Devays Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi o‘rnatilgan holda ishlab chiqarilgan. Shuningdek, unda barmoq izi skaneri, suvdan himoyalovchi qoplama hamda quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqish bor.

 Smartfon 18 999 dan 19 999 gacha hind rupiyasi narxida bo‘lishi taxmin qilinmoqda, bu taxminan 293-310 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. «Qo‘sh ko‘zli» Moto G5 Plus shu yilning 25 iyul kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan tadbirda keng omma e’tiboriga taqdim etiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.