«Qo‘sh ko‘zli» OnePlus 5 dizayni va taqdimot sanasi ma’lum

  •   DiMaX
  •  1117
  •  07.06.2017 10:17

«Qo‘sh ko‘zli» OnePlus 5 dizayni va taqdimot sanasi ma’lum

Android Police sayti yangi flagman – «qo‘sh ko‘zli»  OnePlus 5 suratlarini e’lon qildi. Shuningdek, Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida mazkur gadjetning taqdimot sanasi haqida ham ma’lumot tarqaldi, deb yozadi Mobcompany.info.

Ilk bora qo‘sh kamera

Android Police resursining ta’kidlashicha, quyidagi rasm OnePlus yangi flagmanining haqiqiy suratidir. Unda smartfonning faqat yuqori qismi aks ettirilgan. Uning old tomonida, aftidan, displey  ostida barmoq izi skaneri hamda sensor tugmachalar joylashgan. Qurilmaning chap chekkasida esa bildirishnomalar rejimini yoqish-o‘chirishga mo‘ljallangan suriladigan tugmacha ko‘rinib turibdi.

Asosiy kamera qo‘shaloq sensorga ega bo‘lishi – OnePlus kompaniyasi mahsulotlari uchun yangilik. To‘g‘ri, smartfon ikkita kamerani qanday qo‘llashi xususida hozircha ma’lumot yo‘q. Shu kungacha boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan savdoga chiqarilgan flagmanlarda uning uch xil qo‘llanishini kuzatish mumkin.

Ayrim jihatlari ma’lum

Hali taqdim etilmagan bo‘lsa-da, OnePlus 5’ning ayrim xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalgan.

  • Protsessor: Snapdragon 835;
  • Grafik tezlatgich: Adreno 540;
  • Operatsion tizim: Android Nougat;
  • Xotira: 6/8 GB tezkor va 64/128 GB doimiy;
  • Kamera: 16 MPlik qo‘shaloq asosiy hamda 16 MPlik old kamera;
  • Ekran: 5,5 dyuym diagonalli, FullHD (1920×1080 piksel) sig‘imli;
  • Akkumulyator: 3300 mA/soat.

Biroq ayrim xabarlarda mazkur ko‘rsatkichlardan farq qiluvchi ma’lumotlar ham mavjud. Nima bo‘lganda ham, anig‘ini bilib olishga uncha ko‘p vaqt qolgani yo‘q, chunki mazkur «flagmanlar qotili»…

20 iyunda taqdim etiladi

Xitoyning ijtimoiy tarmog‘i – Weibo saytida paydo bo‘lgan suratga ko‘ra, 20 iyun sanasida OnePlus 5 rasman taqdim etiladi.

Aytish kerakki, bundan avvalroq ayni shu Weibo tarmog‘ida mazkur smartfon 15 iyunda namoyish etilishi xususida ham rasm chiqarilgan edi. Uning yolg‘on bo‘lib chiqqaniga qaraganda, hali 20 iyun ham aniq taqdimot sanasi emas. Har ikkala suratni o‘zaro bog‘lab turgan jihat – OnePlus logotipi, xolos.

Internetdagi ayrim taxminlarga ko‘ra, devays 15 iyunda rasman namoyish etiladi, 20 iyunda esa uni savdoga chiqarishadi. Weibo’dagi ba’zi manbalar bo‘lsa umuman boshqa sanalar – 21-22 iyun, hatto 28-29 iyunga ham ishora qilmoqda. Mazkur taxminlardan birortasini OnePlus kompaniyasi rasman tasdiqlagan emas.

Nimani tasdiqlagan o‘zi?

OnePlus 5 ko‘pchilik foydalanuvchilarni xursand qiluvchi jihatlarga boy bo‘lishi aytilmoqda. Xususan, smartfonlardagi o‘ziga xoslikni – uning stilini qadrlovchilar uchun yangi flagman ajoyib topilma bo‘ladi, deyishmoqda.

Kompaniya rahbarlaridan biri Pit Lau xabariga ko‘ra, OnePlus 5 eng yupqa flagman bo‘ladi:

Biroq u ham bu masalaga aniqlik kiritmagan – kutilayotgan smartfon bozordagi barcha flagmanlar orasida eng yupqasi bo‘ladimi, yoki OnePlus mahsulotlari orasidami?

Shunday ekan, bu boradagi yangiliklarni kuzatib borish uchun bizdan uzoqlashmang.