Raqamli barmoq izi va uni yashirish

  •   DiMaX
  •  3807
  •  27.04.2017 10:19

Raqamli barmoq izi va uni yashirish

Reklama kompaniyalari biz haqimizdagi ma’lumotlarni to‘plab, ularga asoslangan holda, aynan o‘zimizga mo‘ljallab reklama ko‘rsatishlaridan xabaringiz bor. Lekin shu ma’lumotlarimizni ko‘rmasliklari uchun o‘zimizning «barmoq izlarimizni tozalab» yurishimiz ham mumkin.

Brauzerning raqamli barmoq izi nima?

Raqamli barmoq izi – bu brauzerning barchaga ko‘rinarli bo‘lgan turli xususiyatlari yig‘indisidir. Unga, masalan, o‘rnatilgan kengaytmalar ro‘yxati, operatsion tizim versiyasi, mahalliy vaqt, til sozlamalari va hokazolar kiradi. Bu xususiyatlarning har biri, alohida olinganda, siz kirayotgan saytlar uchun birorta maxfiy ma’lumot uzatmaydi. Biroq birgalikda ular betakror, faqat sizning shu brauzeringizgagina xos bo‘lgan xossalar yig‘indisi sifatida raqamli barmoq iziga aylanadi.

Mening brauzerimda ham barmoq izi bormi?

Ha, albatta. Istasangiz, Ipleak.com servisi yordamida bunga o‘zingiz yana bir bora ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Xo‘sh, nima bo‘pti shunda?

Raqamli barmoq izi sizning internetdagi harakatlaringizni boshqalar kuzatib borishlariga imkon beradi. Siz kiradigan har bir saytda (ha, hatto «anavinaqa» saytlardayam!) barmoq izingiz qoladi. Foydalanuvchi ma’lumotlarini to‘plash va tahlil etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar esa ana shu izlaringiz asosida sizning «dose»ngizni tuzishadi. Mazkur doseda foydalanuvchi haqidagi hamma ma’lumotlar bo‘ladi: yoshi, jinsi, diniy va siyosiy qarashlari, turli qiziqishu xobbilari va hokazo.

Brauzerimdagi tavsiya etilgan barcha xavfsizlik sozlamalarini to‘g‘rilab chiqdim, endi meni kuzatishmaydimi?

Adashasiz. Aksincha, brauzerning oddiy foydalanuvchidan o‘ta farq qiluvchi, betakror sozlamalari umumiy fonda yanada aniqroq ko‘rinib turadi. Kuzatishni taqiqlash, cookies fayllarini o‘chirish, inkognito rejimi ham barmoq izi qoldirmaslikni to‘liq kafolatlamaydi.

Nima qilish mumkin unda?

Chalg‘itish uchun qalbaki izlar qoldirish kerak. Tarmoqdagi harakatlaringizning haqiqiy tarixini adashtirib yuborish uchun ko‘plab soxta barmoq izlari bor. Ma’lumot yig‘uvchilar bu alg‘ov-dalg‘ov ma’lumotlar orasidan haqiqiylarini topib, sizning chinakam raqamli portretingizni yarata olmaydilar.

Buni qanday qilsa bo‘ladi?

Blurr kengaytmasini o‘rnating. U fon rejimida o‘zida mavjud maxsus ro‘yxatdagi turli saytlarga kirib-chiqadi. Bu ro‘yxatga o‘zingiz o‘zgarish kiritishingiz imkoni ham mavjud. Kengaytma sozlamalarida hatto soxta raqamli portretingiz uchun ayrim parametrlarni belgilashingiz ham mumkin: jins, qiziqishlar… kabi. Shunda kengaytma faqat shunga mos keluvchi saytlarni kezib chiqadi.

Bu internetda ishlashimga xalaqit bermaydimi?

Yo‘q. Kengaytma faqat siz brauzerda biror harakatni amalga oshirmayotgan, bekor qo‘ygan payti ishlaydi. Bu boradagi kerakli parametrlarni sozlamalar orqali o‘zingiz to‘g‘rilasangiz ham bo‘ladi.

Uni qanday ishlataman?

Blurr – Google Chrome brauzeri uchun ishlab chiqilgan kengaytma bo‘lib, boshqa brauzerlarda to‘g‘ri ishlashiga kafolat yo‘q. Uni Chrome’ga mana bu manzildan ko‘chirib olib  o‘rnatasiz. Shunda brauzerning manzil qatoridan o‘ng tomonda uning belgichasi paydo bo‘lib qoladi. O‘shani bosish orqali Blurr kengaytmasini ishga tushirib, soxta barmoq izi qoldirishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.