Raqamli TV: televizor xaridida muhim tavsiya, bilish zarur bo‘lgan jihatlar

Raqamli TV: televizor xaridida muhim tavsiya, bilish zarur bo‘lgan jihatlar

 

Bugungi raqamli televideniye tasvirni yorqin va ovozni aniq-tiniq eshittirish, bir vaqtning o‘zida bir nechta kanallarni uzatish jihatlari bilan o‘ziga xos. O‘zbekiston raqamli televideniyeni joriy etishda jahondagi yetakchi mamlakatlar sirasiga kiradi. Jumladan, ayni paytda mamlakatimizning 88 foiz hududi raqamli televizion signallar bilan qamrab olingan. 2017 yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 foizga yetadi. Quyida bugungi har bir raqamli televideniye foydalanuvchisi bilishi zarur muhim ma’lumotlarni diqqatingizga havola qilamiz.

Raqamli televideniyening analogli televideniyedan farqi

Tasvirni uzatish hamda qabul qilish jarayonida raqamli qayta ishlanishi natijasida tasvir sifati ravshan. Analog televideniyeda ekrandagi tasvirlarning jimirlashi, turli tashqi ta’sirlar kuzatilardi, tasvir yo‘qolishi sezilar edi.

Analog televizorda tovush birmuncha noaniq chiqar, vijillab eshitilardi. Raqamli televideniyeda ovoz stereo yoki 5.1. shaklida uzatilishi bilan ham ustundir. Bugungi kundagi televizorlarga beshta oddiy va bitta past chastotali ovoz kuchaytirgichni ulab, uy kinoteatri muhitini yaratish mumkin.

Yurtimiz hududi 2017 yilda raqamli televizion signallar bilan to‘liq qamrab olinadi

2017 respublikamiz hududlarida 66 ta yuqori quvvatli va 328 ta kamquvvatli raqamli televideniye uzatkichini o‘rnatish hamda ishga tushirish belgilangan. Natijada mamlakat aholisini, shu jumladan, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Raqamli teleuzatkichlarning afzalliklari

Aytish joizki, zamonaviy asbob-uskunalarga xizmat ko‘rsatish texnik xodimlar zimmasiga yuklatiladi. Signal transport telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladi va zarar yetgan hollarda, zaxira liniyalar, albatta, ishga tushadi. Ya’ni yuqori quvvatli raqamli teleuzatkichlar noqulay ob-havo sharoitida ham ishlashda davom etadi. Agar to‘satdan chiroq o‘chib qoladigan bo‘lsa, dizel generatorlar avtomatik ravishda ishga tushadi. Kamquvvatli uzatkichlarga maxsus xizmat ko‘rsatish talab etilmaydi. Ular yaqin atrofda joylashgan aholi punktidagi elektr quvvati tarmog‘iga ulanadi. Kamquvvatli uskunalarga signal sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali yetkazib beriladi. Shuning uchun judayam noqulay ob-havo sharoitida namoyish qilinayotgan tasvir va ovoz sifatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Shaharu qishloq aholisi qancha kanaldan foydalanishi mumkin bo‘ladi? Raqamli TVni ko‘rish uchun qanday uskunaga zarurat tug‘iladi?

Raqamli televideniye bilan to‘liq qamrab olingan hududlarda 12 ta kanaldan iborat ochiq to‘plam namoyish qilinib, ular soni izchil ko‘paytirib borilayapti. Bu to‘plamdan respublikamizning barcha hududida foydalanish mumkin bo‘ladi.

2016 yil oxirida DVB-T2 yangi standarti joriy qilinishi bilan bitta raqamli teleuzatkich yordamida 16 ta teledasturni uzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Joriy yilda borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda aynan mana shunday kamquvvatli yangi avlod uzatkichlari o‘rnatiladi. Demak, olis tumanlar aholisi 12 ta emas, balki 16 ta dastur bilan, ya’ni 12 ta davlat va 4 ta nodavlat kanali bilan qamrab olinadi. Shu o‘rinda DVB-T2 standartida signal tashqi ta’sirlarga ancha chidamli hisoblanishini aytish kerak.

Bugungi barcha televizorlar DVB-T2 standartini qo‘llab-quvvatlaydimi?

Zamonaviy televizorlarning aksariyati, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganlarida maxsus raqamli tyuner o‘rnatilgan. Ushbu uskuna DVB-T2 standartida ishlaydi. Unga oddiy antenna bo‘lsa, bas. Eski avlod televizorlari uchun “Set-top-Box” tyunerini xarid qilish kerak bo‘ladi. U yangi standartdagi to‘lqinni qabul qiladi. Mazkur qurilmani “UzDigital TV” ofislaridan olish mumkin. Shu bilan birga, ushbu kompaniyaning barcha tuman markazlarida vakolatxonalari va rasmiy distribyuterlarini ochish mo‘ljallanmoqda. Ularda abonentlarga zaruriy maslahat va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Raqamli televideniyega o‘tilsa, analogli efir to‘liq o‘chiriladimi? Hammaning ham televizori yangi formatga mos emas, tyunerlari ham yo‘q.

Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi tayyorlangan. Hozirgi kunda ushbu hujjat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilayapti. Analogli retranslyatorlarni efirga uzatish hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan maxsus jadval asosida tugatiladi. Ungacha analogli televideniye raqamli televideniyega o‘tkaziladi. Eng muhimi, bu jarayon odamlar uchun muammo tug‘dirmaydi. Hujjatda, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga raqamli tyuner va boshqa qurilmalarni imtiyozli kreditlar asosida xarid qilish imkoniyatini yaratib berish ko‘zda tutilayapti.

Raqamli televideniyega mos televizor tanlashda nimalarga e’tibor qilish kerak?

O‘zbekistonda joriy qilinayotgan raqamli TVning DVB-T2 standarti tasvirni HDTV; UHDTV kabi yuqori formatlarda ko‘rishda ayni muddao. Ammo, bugun bozordagi hamma televizorlar ham bu texnologiyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Televizor xarid qilayotganda, DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Material Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Xalq so‘zi” gazetasi hamkorlikda tayyorlagan “Har bir hudud raqamli televideniye bilan qamrab olinadi” nomli maqola asosida tayyorlangan.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!