Rasman: Redmi K60 seriyasi taqdim etildi

Rasman: Redmi K60 seriyasi taqdim etildi

Kecha Xiaomi subbrendi hisoblanuvchi Redmi katta taqdimot o‘tkazib, unda o‘zining yangi gadjetlarini taqdim etdi.

Yangi Redmi K60 seriyasi uchta smartfondan iborat. Bular: Snapdragon 8 Gen 2 chipli Redmi K60 Pro, Snapdragon 8 Gen 1 chipida ishlovchi Redmi K60 hamda Dimensity 8200 chipli Redmi K60E modellari hisoblanadi. 

Redmi K60 Pro 

Seriyadagi eng premium bo‘lgan ushbu smartfon 6.67 dyuymli AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Uning rezolyutsiyasi 2K bo‘lib, bu QHD va FullHD rezolyutsiyalarining o‘rtasi hisoblanadi. Promo suratdagi ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon displeyining yorqinlik darajasi 1400 nitgacha boradi. Displey yuqori qismidan 16MP selfi kamera o‘rin olgan. 

Displey, shuningdek, 120 gerts yangilanish, 480 gerts sensorli namuna olish chastotalarini hamda HDR10+ funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Barmoq izi skaneri displey ostiga o‘rnatilgan. Redmi Auto Brightness 2.0 algoritmini taqdim etdi. Ushbu algoritm foydalanuvchi qurilmadan qanday foydalanishini vaqt o‘tishi bilan o‘rganadi va uni har bir jarayon uchun kerakli bo‘lgan yorqinlik ta’minlaydi.

Kompaniya asosiy urg‘uni qurilmaning asosiy kamerasiga qaratgan. Smartfonga 50MP Sony IMX800 sensori o‘rnatilgan bo‘lib, u optik hamda elektron stabilizatsiyaga ega. Sun’iy intellekt filtri endi suratga olinayotgan ob’yektlarni yaxshi aniqlay oladi. Qolgan ikki kamerada maqtaydigan hech qanday narsa yo‘q - 8MP ultrakeng hamda 2MP makro. 

K60 Pro uchun Xiaomi o‘zining Surge P1 chipini taklif qiladi. Smartfonga 120 vattda quvvat oluvchi 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Chip esa quvvatlanish jarayonini nazorat qiladi. To‘liq quvvatlanish uchun smartfon 19 daqiqa vaqt sarflaydi. 

Gadjet 30 vattda simsiz quvvat olishini eng katta ijobiy o‘zgarishlardan biri desak yanglishmaymiz. Redmi aynan 30 vattda simsiz quvvat berishi mumkin bo‘lgan qurilmani ham taqdim etdi. Smartfon ichiga sovutish qoplamasi ham o‘rnatilgan.

Redmi K60 Pro modelining yashil, oq, qora ranglari, shuningdek, Champion Performance Edition versiyasi mavjud. Qurilmaning narxi quyidagicha:

8/128GB - 475 dollar

16/512GB - 660 dollar.

Smartfon 31 dekabr sanasida sotuvga chiqadi. 

Redmi K60

Ushbu model tashqi ko‘rinishidan Pro modeldan uncha farq qilmaydi. Unga ham 6.67 dyuymli AMOLED displey, uchta kamera hamda sovutish qoplami o‘rnatilgan. 

Smartfonning oq, yashil, ko‘k va qora rangli turlari mavjud. Uning narxi quyidagicha:

8/128GB - 360 dollar

16/512GB - 515 dollar.

Pro model kabi K60 ham 31 dekabr sanasida sotuvga chiqadi. 

Redmi K60E

Redmi K60E - “E“ harfi bo‘lgan “K“ seriyasidagi birinchi smartfon. Xiaomi “E“ harfi ortida nima yashiringaniga aniqlik kiritmadi. Smartfon texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha unchalik yomon emas.  

Qurilmaga 120 gertsda ishlovchi 6.67 dyuymli AMOLED displeyi hamda Dimensity 8200 chipi o‘rnatilgan. Displey Gorilla Glass Victus oynasi bilan himoyalangan. Uning yorqinlik darajasi 1200 nitni tashkil qiladi. 

Orqa panelda uchta kamera joylashgan, bular: optik stabilizatsiyaga ega 48MP asosiy kamera, 8MP ultrakeng kamera hamda 2MP makro kamera. Akkumulyator sig‘imi va quvvatlanish tezligi bo‘yicha ushbu model K60 bilan bir xil - 67 vatt quvvatlanish tezligi, 5,500 mAs akkumulyator sig‘imi. Ammo unda simsiz quvvatlanish imkoniyati mavjud emas. 

Shuningdek, K60E modeliga UFS 4.0 hamda LPDDR5X o‘rniga UFS 3.1 hamda LPDDR5 xotiralari o‘rnatilgan. Smartfon oq, qora, yashil ranglarda taqdim etildi. Uning 8/128GB xotiraga ega narxi 315 dollardan boshlanadi. 

O‘QING: Red Magic 8 Pro smartfonlari seriyasi taqdim qilindi 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!