Rasmiy xabar: Galaxy S9 va S9+ taqdim qilindi

Rasmiy xabar: Galaxy S9 va S9+ taqdim qilindi

Barselona – Samsung kompaniyasi hozirgina Samsung Galaxy S9 va S9+ flagmanlarini taqdim qildi. Smartfonlar eng yaxshi kamera, sun’iy aql texnologiyasiga hamda kuchli himoyalangan tizimga ega bo‘lgani bilan avvalgi flagmanlardan ajralib turadi.

2018 yilning egizak flagmanlari bir-birlaridan o‘lchamlari, kameralari hamda xotira sig‘imlari bilan ajralib turadilar. Samsung Galaxy S9+ modeli 6 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘lgan bo‘lsa, Galaxy S9 — 4 gigabaytli tezkor xotira bilan ta’minlangan. Galaxy S9+ bosh kamerasi esa qo‘sh ekani bilan o‘ziga xos: 12+12 Mp; Galaxy S9 — bir dona, 12 megapikselli kamera modeliga ega bo‘lgan.

Protsessor

Korpusi metall va shisha uyg‘unligida tayyorlangan Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9+ ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan Qualcomm Snapdragon 845 chipida ishlaydigan jahondagi ilk va hozircha yagona smartfonlardir. AQSh dan tashqari barcha hududlarga Snapdragon 845 bilan bir xil salohiyatli Exynos 9810 chipiga ega smartfonlar yetkazib beriladi.

Doimiy xotira sig‘imi 64, 128 yoki 256 gigabayt. microSD bo‘lmachasi orqali xotirani 400 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin.

Displey o‘lchami — 5,8- hamda 6,2 dyuymli, romdan xoli bo‘lgan Super AMOLED ekranlar yon tomonga qayrilgan dizaynda ishlab chiqarilgan va ularning sig‘imi Quad HD+ (2960 × 1440 pikselli). Old kameralar uchun 8 megapikselli modul tanlangan.

Garchi, mazkur mobil aloqa vositalari hajmi va o‘lchamiga ko‘ra, Galaxy S8 hamda S8+ modellarini eslatib yuborsa ham, yangi devayslar ekrani yorqin va ozgina yirik o‘lchamda ishlangan. Shu bilan birga, ulardagi kameralar yanada takomillashib, smartfonlar AKG brendining ilg‘or stereo dinamiklariga ega bo‘lishgan.

Galaxy S9 va Galaxy S9+ uchun tok sig‘imi 3000 va 3500 mA soat bo‘lgan akkumulyatorlar tanlangan. Ular tezkor quvvat oladilar. Android 8.0 Oreo tizimida ishlaydigan flagmanlar uchun bunday elektr sig‘imi ayni muddao.

Smarftonlar LTE , Wi-Fi (802.11 a/b/g/n/ac), Bluetooth 5.0, ANT+, NFC, GPS+GLONASS kabi tarmoqlarda ishlaydi.

O‘lchamlari: 147,7 x 68,7 x 8,5 mm hamda 158,1 x 73,8 x 8,5 mm; Vazn — 163 va 189 gramm.

Qolaversa, flagmanlarda joriy qilingan AR-emoji funksiyasi foydalanuvchining qiyofasidan kelib chiqib shaxsiy emojilarni yaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, flagmanlardagi bosh kamera sekundiga 960 kadrdan iborat sekinlashtirilgan videoni muhrlash qobiliyatiga ega.

Boshqa Samsung Galaxy telefonlari kabi, S9 modellari ham changdan himoyalangan korpusga ega bo‘lgan. Yangi smartfonlar nihoyasiz displey, simsiz quvvat olish texnologiyasi bilan ham o‘ziga xos.

Ma’lum qilinishcha, Samsung Galaxy S9 va S9+ flagmanlarida tatbiq qilingan yuz-qiyofani tekshirish skaneri ishlashi va xavfsizligiga ko‘ra iPhone X smartfonida joriy qilingan skanerdan ancha ilg‘or.

Kamera texnologiyasi

Samsung Galaxy S9 modeli Galaxy S8 bilan taqqoslaganda "inqilobiy" biror jihatga ega bo‘lmagan. Biroq, undagi kamera texnologiyasi diqqatga sazovor.

Misol uchun, yangi flagmanlar kamerasida jonli videolar uzatishda ovoz sifati tubdan yaxshilangan.

Yangi kamerada yorug‘lik darajasi past bo‘lsa ham yorqin suratlar olish mumkin. Smartfondagi qo‘sh apertura inson ko‘zi kabi ishlaydi: ya’ni yorug‘lik yoki qorong‘ulikka tez moslashadi. Kamera yorug‘lik miqdoridan kelib chiqib o‘zidagi yorug‘lik taqsimotiga mas’ul diafragmani F2.4 dan F1.5 o‘lchamigacha sozlashi mumkin. Natijada, suratlar aniq va ranglar o‘rtasidagi keskinlik yuqori bo‘ladi.

Kamera bir soniyada 12 ta kadrni suratga olib, ularni yaxlit holatga keltiradi va sifatli suratni taqdim etadi.

Sekinlashtirilgan videoda olingan tasvirlar an’anaviy videoga qaraganda 32 marta sekin aks etadi.

AR-emoji texnologiyasi

iOS operatsion tizimida Animoji funksiyasi taqdim etilgach, Samsung bundan ilhom olib AR-emoji, ya’ni sun’iy voqelik emojilarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqqan. Natijada, old kamera foydalanuvchining kayfiyatini o‘zining qiyofasiga yaqin bo‘lgan aksda ifodalab beradi. Bu qiyofalarning kiyimi va boshqa jihatlarini o‘zgartirish mumkin.

S9 kamerasi belgilarni tarjima qilish va bumlar haqida ma’lumot berish funksiyasiga ham ega bo‘lgan. Siz kamerani biror buyumga qaratsangiz, smartfon sizga uni tarjima qilib beradi. Hozircha kamera Google Translate oqrali 54 ta tilga tarjima qila oladi.

 

Facial recognition - qiyofani tanish

Samsung avval ham, birinchi bo‘lib Galaxy smartfonlariga qiyofani tanish skanerini tatbiq qilgan bo‘lsa ham, iPhone X’dan so‘ng bu texnologiyani rivojlantirishdagi raqobat yanada kuchaydi.

"Sun’iy aql"ga asoslangan qiyofa va ko‘zning rangdor pardasini yoki barmoq izini skanerlash tizimi smartfon tizimini kuchli himoya bilan ta’minlaydi.

Narx-navo 

Smartfonlar qora, ko‘k, siyoh rang va kulrang korpuslarda ishlab chiqariladi.

Smartfonlarga 2 martdan boshlab buyurtma berish mumkin. Ular 16 martdan boshlab sotuvga chiqariladi. S9 modeli $720 hamda S9+ $840 dollar bahosida sotiladi.

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.