Rasmiy xabar: Mi 8 Explorer Edition narxi, taqdimot kuni ma’lum qilindi

Rasmiy xabar: Mi 8 Explorer Edition narxi, taqdimot kuni ma’lum qilindi

Xitoyda Xiaomi Mi 8 flagman smartfoni sotuvga chiqarilganiga bir oy bo‘ldi. Qualcomm Snapdragon 845 protsessori hamda kuchli kamera texnologiyasi bilan smartfon ayni paytda bozordagi kuchli devayslardan biri hisoblanadi.

Savdo yaxshi ketayotgan bo‘lsa ham, xitoylik kompaniya mazkur mobil qurilmaning yangi talqinini ishlab chiqarishga qaror qildi. Xiaomi Mi 8 Explorer Edition deb nom olgan bu versiyada barmoq izi skaneri ekrandan o‘rin olgan hamda korpus shaffof materialdan tayyorlangan.

Bugun, 16 iyulda Xiaomi kompaniyasi o‘zining yangi flagman telefonining qaysi sanada sotuvga chiqishi va uning Xitoy hududidagi bahosini e’lon qildi. Mi 8 Explorer Edition 24 iyulda do‘konlarga chiqariladi. Apparat bozorga yagona modifikatsiyada chiqariladi.

Barcha xohlovchilar uning 8 gigabaytli tezkor hamda 128 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqinini $550 dollardan xarid qilishlari mumkin.

Ushbu telefonning ikkita o‘ziga xosligi bor – shaffof materialdan tayyorlangan orqa panel ostiga 3D-nakleyka joylashtirilgan. Shu bilan birga, telefon displeyining ostiga barmoq izi skaneri joylashtirilgan. Qolgan jihatlari bilan oddiy talqindan farq qilmaydi.

Xususan, Xiaomi Mi 8 Explorer Edition smartfoni 6,21 dyuymli, Super AMOLED matritsali, piksel sig‘imi 2248 ga 1080 ta belgi (FHD+) ga teng ekran bilan ta’minlangan. Ekran yuqorisida iPhone X flagmanidagi kabi kesiq ham bor.

8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessoining chastota intervali 2,8 GGs. Devaysga Adreno 630 video kartasi hamda 12 megapikselli va qo‘sh sensorli bosh kamera, 20 megapikselli old kamera o‘rnatilgan.

USB Type-C porti porti orqali quvvat oluvchi 3000 mA soat sig‘imli akkumulyatorga Quick Charge 4.0+ tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy qilingan.

Xiaomi Mi 8 Explorer Edition talqinida ham qo‘sh GPS tizimi joriy qilingan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!