Redmi 5A 10 barobar qimmat iPhone X kabi surat olishi mumkinmi? Xiaomi'ning maqsadi shu!

Redmi 5A 10 barobar qimmat iPhone X kabi surat olishi mumkinmi? Xiaomi'ning maqsadi shu!

2018 yilga kelib samaradorlik masalasida smartfonlarda deyarli muammo qolmadi. Boisi ularning tezkor ishlashi oddiy foydalanuvchining talabi me’yoriga yetdi. Misol uchun, flagman yoki o‘rta narxli gadjetlarning ishlashidagi farqni hamma ham sezmaydi. Flagmanlar misoli poygalarda qatnashadigan maxsus avtomashinalar bo‘lsa, o‘rta narxli smartfonlar biz har kuni yo‘llarda duch keladigan va harakatlanish uchun kifoya qiladigan mashinalardir. Shaharda soatiga 60 chaqirimdan oshiq yurish esa mumkin emas. Xuddi shuningdek, flagman darajasidagi smartfonlarning ham kuchli protsessorlariga kundalik foydalanuvchida ehtiyoj yo‘q.

Zamonaviy mobil telefonlarning muhim jihatlari qatorida esa biz sifatli surat oluvchi kameralarni albatta qo‘shamiz. Shuning uchun ham bugungi ishlab chiqaruvchilar bosh hamda old kameralarning surat olish texnologiyasiga alohida diqqat qilishmoqda. Shuni aytish joizki, smartfonda suratning yaxshi chiqishi protsessorning imkoniyatlari bilan ham bog‘lanadi. Shuning uchun so‘nggi oylarda flagmandan bir qadam orqada bo‘lgan bo‘lgan chiplarni ishlab chiqarish ommalashdi.

Kecha ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi smartfonlari surat olish bo‘yicha jahonda eng yaxshi kameralar qatoridan o‘rin egallaydi. Ulardan ayrimlari esa hozirdanoq bunday nomni qo‘lga kiritishgan. Kompaniya bu nufuzga shu yilning oxiriga qadar erishishni reja qilmoqda.

2018 yilning mart oyida, ya’ni 2 oycha muqaddam jamoatchilik e’tiboriga Xiaomi Mi MIX 2S flagman telefoni namoyish qilingan edi. Bu flagman surat olishda iPhone X bilan bellashadi, shuning barobarida u ayfondan ikki barobar arzon ham. O‘tgan haftada esa Xiaomi Mi 8 mobil aloqa vositasi taqdim qilindi. Undagi ilg‘or dasturiy ta’minot evaziga smartfon kuchli optik tizimga ega bo‘lgan. Ya’ni, bunda texnik imkoniyatlarning ahamiyati u qadar yuqori emas. Jurnalistlarning ma’lum qilishlaricha, yaqin orada Mi MIX 2S premium-telefonidagi dasturiy ta’minot takomillashtiriladi. Natijada, flagmanning surat olish imkoniyatlari yanada oshadi.

DxOMark laboratoriyasi ekspertlarining fikricha, Xiaomi Mi 8 kamerasining imkoniyatlari iPhone X kamerasidan yuqori. Vaholanki, xitoylik smartfon ayfondan uch barobar arzonga narxlangan. MIUI 10 proshivkasi e’lon qilinishi bilan xitoylik korporatsiyaning smartfonlaridagi kameralar "sun’iy aql" hamda "mashina-o‘qitish" tizimlariga ega bo‘lmoqda. Bu esa texnik jihatlardan qat’inazar, dasturiy ta’minot yordamida kompaniya smartfonlarida sifatli surat olish imkoni degani.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, joriy yilda Xiaomi brendining shu vaqtga qadar ommalashgan smartfonlari surat olishda yangi jihatlarga ega bo‘ladi. Aytish kerakki, kompaniya so‘nggi ikki yilda ishlab chiqargan va ayni paytda sotuvda mavjud barcha modellar bunday dasturga ega bo‘ladi. To‘g‘ri, eng arzon Redmi 5A modelida iPhone X'dan yaxshi surat olish qiyindir, biroq ilg‘or dasturiy ta’minot barcha smartfonlarning o‘z raqiblari orasida eng yaxshi kamerafon bo‘lishini ta’minlaydi.

Shunday ekan, bu yil kamerafonlar sanoatida jiddiy o‘zgarish sodir bo‘lishiga ishonish mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!