Redmi Note 5: "ideal hamyonbop" taqdimotga tayyor

Redmi Note 5:

Xiaomi kompaniyasi Redmi Note turkumida yangi smartfon modellarini taqdim qilishda davom etadi. Taqdimot navbati Redmi Note 5 smartfoniga keldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi taqdimotda birato‘la 2 ta smartfonni namoyish qiladi: Xiaomi Redmi Note 5 va Redmi Note 5A. Avvaliga barcha insayderlar Redmi Note 5 qadoqdayoq Xiaomi'ning yap-yangi MIUI 9 interfeysiga ega bo‘ladigan kompaniyaning ilk mobil telefoni bo‘lishini aytgan edilar. Biroq, o‘tgan haftada taqdim qilingan Mi5x chaqqonlik qildi. Demak, Redmi Note 5 Android 7.1.1 Nougat'ning o‘zlashtirilgan MIUI 9 tizimida ishlaydigan navbatdagi "syaomi" bo‘ladi.

Bizga ma’lum xabarlarga ko‘ra, Redmi Note 5 yangi va ilg‘or, o‘rta narxli smartfonlarga mo‘ljallangan Snapdragon 630 apparat platformasi, 5,5 dyuymli FullHD‑ekran, 3790 mA soat sig‘imli akkumulyator, 13 megapikselli old va 16 megapikselli orqa kamera, 32/64 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Bosh kamerada 2 karralik yaqinlashtirish funksiyasi joriy qilinadi. Uning tezkor xotira sig‘imi 3/4 gigabaytni tashkil qiladi. Devaysning boshlang‘ich jihatlarga ega talqini uchun so‘ralayotgan narx insof doirasida — $149.

Yuqori talqindagi Redmi Note 5'ning yanada kuchli Snapdragon 630 chipi bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Uning narxi $221 dollargacha ko‘tariladi.

Kompaniya 2016 yilda namoyish qilgan  Redmi 4A, Redmi 4 va Redmi 4 Prime smartfonlari orasida Redmi 4A eng "kamtar" jihatlarga ega bo‘lgan. Bu gal esa bu kamtarlik Redmi Note 5A'ga nasib qilgan: 5,5 dyuymli ekran, 4 Gb "operativka" va 64 Gb doimiy xotira. Biroq devaysning qo‘sh ob’yektivli bosh kamera (OmniVision brendining keng burchakli va telefoto sensorlari)ga ega bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar hayratlanarli.

Xiaomi Redmi Note 5 va Redmi Note 5A QuickCharge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Xiaomi yaqindagina yangi gadjetni namoyish qilganini hisobga olsak, Redmi Note 5'ni avgust oyi o‘rtalarida kutish maqsadga muvofiq.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.