Rus xakerlari «Kasperskiy» yordamida AQSh Milliy xavfsizlik agentligiga hujum qilishgan

  •   DiMaX
  •  2188
  •  06.10.2017 14:24

Rus xakerlari «Kasperskiy» yordamida AQSh Milliy xavfsizlik agentligiga hujum qilishgan

Joriy yilning iyul oyida AQSh rahbariyati xavfsizlik maqsadlarida hukumat tashkilotlariga «Kasperskiy antivirusi»dan foydalanishni taqiqlagan edi. Shuningdek, bir necha nashrlar ushbu mashhur dasturiy ta’minotning ishlab chiquvchisi Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqadorligini da’vo qilib yozishgan. Endi esa, bir vaqtning o‘zida nufuzli va mustaqil nashrlardan ikkitasi – The Wall Street Journal hamda The Washington Post mazkur antivirus yordamida amalga oshirilgan xakerlik hujumi haqida yozdi.

Mazkur narshlar manbalari bergan xabarga ko‘ra, rus xakerlari AQSh Milliy xavfsizlik agentligidagi maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashda «Kasperskiy antivirusi»dan foydalanishgan.

Jurnalistlar bilan suhbatda manbalarning ma’lum qilishlaricha, ma’lumotlar hali 2015 yildayoq o‘g‘irlangan, ammo maxsus xizmatlar buni joriy yilning bahoriga kelibgina payqab qolishgan. Xabarga ko‘ra, xakerlar o‘g‘irlagan ma’lumotlar o‘z tarmoqlarini AQSh MXAdan himoya qilishda Rossiya maxsus xizmatlariga qo‘l kelgan. Ular shu ma’lumotlar asosida AQSh xavfsizlik xizmatlarining kompyuter tizimlari muhofazasini yorib kirish usullarini ham o‘rganib olgan bo‘lishlari mumkin, deyishmoqda manbalar.

Aytilishicha, «Kasperskiy antivirusi»dan foydalangan holda MXA xodimining ishxonasidagi emas, balki uyidagi kompyuteridan ma’lumotlar o‘g‘irlangan. Maxfiy ma’lumotlarning shaxsiy kompyuterga qanday o‘tib qolgani – boshqa masala, lekin manbalarning ma’lum qilishicha, xodim o‘sha yiliyoq ishdan bo‘shatilgan. Tabiiyki, AQSh Maxfiy xizmat agentligi bu borada biror izoh berishdan bosh tortgan, «Kasperskiy laboratoriyasi» esa hammasini rad etgan. Jumladan, kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotlar o‘g‘irlanishida aynan ularning dasturiy ta’minoti qo‘llanganligi xususida hech qanaqa dalil «Kasperskiy laboratoriyasi»ga taqdim etilmagan. Shuningdek, u mazkur kompaniya Rossiya hukumati bilan hech qanaqa «nojo‘ya aloqalar» o‘rnatmaganini alohida ta’kidlagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!