Samarqandda kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi

Samarqandda kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev Registon maydonida Samarqand viloyatini yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha bir qator istiqbolli loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2018 yillarda sanoat sohasida 125 investitsion loyiha amalga oshiriladi, deyiladi Qalampir.uz saytida.

Oziq-ovqat va yengil sanoat, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebel va qog‘ozni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-kimyo va boshqa sohalarda ko‘zda tutilayotgan loyihalar viloyatni izchil rivojlantirishga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi 6 ming 300 dan ortiq kishining ishli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Prezident Ingichka konida ruda qazib chiqarish va boyitish ishlarini rivojlantirish loyihasi bilan tanishdi. Sohaga xorijiy investorlarni faol jalb etish, tadbirkorlarga qulay muhit yaratish, ularga turli soliq va bojxona imtiyozlari berish, kadrlar salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Viloyatda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 163 loyiha amalga oshirilmoqda.

Nurobod tumanida “Navoiy metalmash” va Xitoyning “Gezhouba Group sement Co.LTD” korxonalari hamkorligida sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yiliga 2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxonada 530 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Pastdarg‘om tumanida quriladigan “Samarqand Afrosiyob sement” korxonasi ishga tushgach, 300 kishi ish bilan ta’minlanadi. Korxonani 2018 yilda ishga tushirish mo‘ljallangan.

Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrining Farhod qo‘rg‘oni, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlarida granit va marmar qazib olish, ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish loyihalari bilan tanishdi. Mazkur korxonalarda Italiya, Belgiya, Rossiya va Xitoyning zamonaviy texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

Prezident “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida maishiy texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘zdan kechirdi.

“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Ideal Elektro Lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning “Odul” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz plitalar, elektr duxovka, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadi. Tovarlarning ma’lum qismi eksport qilinadi.

“Coven Elektro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy changyutgichlar ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming dona mahsulot tayyorlanadi.

Milliy bank tomonidan farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. “Optima Sobirjon”, “Perfect Pharma Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “Samarkand England eko medical” qo‘shma korxonasida 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Shu yerda viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, sportni yanada ommalashtirish borasidagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Bobur Jalolov
Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!