Samsung Android Oreo'ga yangilanadigan smartfonlarni aytdi

Samsung Android Oreo'ga yangilanadigan smartfonlarni aytdi

Android Oreo operatsion tizimi taqdim qilinganidan buyon yarim yil vaqt o‘tib ketdi. 2017 yilning avgustida taqdim qilingan bu mobil platforma o‘zining ilg‘or funksiyalari bilan smartfon foydalanuvchilarga muhim va qiziqarli imkoniyatlardan foydalanishga sharoit yaratib beradi. Shunday bo‘lsa ham, jahonning yirik IT giganti hozirgacha bor-yo‘g‘i 3 ta telefonlari – Galaxy S8, Galaxy S8+ hamda Galaxy Note 8 flagmanlarini so‘nggi mobil tizimga yangilash imkonini yaratib bergan edi.

Janubiy koreyalik korporatsiyaning boshqa telefonlari ham firma o‘zlashtirgan Android Oreo operatsion tizimida ishlay boshlaydi.

Samsung kompaniyasining ma’lum qilishicha, hozirgi va keyingi oydan boshlab Android Oreo mobil tizimini Galaxy S7, Galaxy S7 edge, Galaxy A5 (2017), Galaxy A3 (2017), Galaxy A7 (2017) hamda Galaxy Xcover 4 smartfonlariga yuklab olish mumkin bo‘ladi. Mazkur mobil qurilmalarning barchasi aprel-may oylarida yangi platformaga ega bo‘lishadi.

Shu taxlit, yaqin kunlar ichida 6 ta smartfon modeli eng yangi operatsion tizim – Android Oreo bilan ta’minlanadi. Shundan so‘ng, ya’ni joriy yilning yozidan kompaniyaning boshqa smartfon modellari, ya’ni Galaxy J turkumini ham yangi tizimga yangilash mumkin bo‘ladi.

Android Oreo smartfonlarning faoliyatini tezlashtirib, platforma samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, quvvatni tejash algoritmining yaxshilanishi evaziga smartfonlarni bir marta quvvatlab, yanada uzog‘roq ishlash imkoni paydo bo‘ladi. Yangi funksiyalar qatorida smartfonni spam-xatlardan himoya qiladigan tizimni, ogohlantirishlar uchun maxsus indikatorlarni, «surat ichida surat», ya’ni bir vaqtning o‘zida ekranda ikki ilovadan foydalanish, viruslardan himoyalangan yangi tizimlar kabi ilg‘or jihatlarni aytish mumkin.

Shu bilan birga, Android Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan talqini bilan birga, Samsung kompaniyasi 9,7 dyuymli Samsung Galaxy Tab S3 planshet kompyuterining yangi talqinini ham taqdim qiladi. Bu planshet Super AMOLED matritsali ekran hamda ultra yupqa korpus bilan ta’minlanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.