Samsung, Apple, Xiaomi va Huawei har bir smartfondan qancha sof daromad ko‘radi?

  •   DiMaX
  •  6490
  •  28.12.2017 13:28

Samsung, Apple, Xiaomi va Huawei har bir smartfondan qancha sof daromad ko‘radi?

Bozorda taklif etilayotgan mobil qurilmalarning narxlari turlicha ekanligi ko‘p omillarga bog‘liq: modelning texnik va dasturiy ta’minoti, funksiyalari, yasalgan materiali, ommabopligi, ishlab chiqaruvchining ishonchliligi va hokazo. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz – falon narxdagi smartfonning qiymatidan qanchasi sof daromad sifatida ishlab chiqaruvchining «cho‘ntagi»ga tushadi?

O‘QING: Narxi tannarxiga teng yaxshi smartfonlar (sentyabr holati bo‘yicha AnTuTu talqini)

Counterpoint kompaniyasi tahlilchilari ushbu savolga jiddiy yondashib, hatto bu borada tadqiqot o‘tkazib ko‘rishdi. Ular dunyodagi eng yirik smartfonsozlar –  Xiaomi, Oppo, Apple, Vivo, Samsung hamda Huawei kompaniyalari 2017 yilning uchinchi moliyaviy choragida qancha daromad olganini tadqiq etishdi. Bunda mazkur ishlab chiqaruvchilarning turli modellardagi telefonlari narxlari hamda ularning tannarxlari o‘zaro taqqoslanib, sotilish hajmlari hisobga olinib, umumiy natijalar chiqarilgan.

Tadqiqot natijalari hayratlanarli, ammo ushbu ma’lumotni e’lon qilgan tahlilchilarning ta’kidlashlaricha, bu raqamlar mutlaqo to‘g‘ri va aniq. Ular bu natijalarni quyidagi infografika orqali aks ettirishgan:

Ko‘rib turganingizdek, sotilgan har bir smartfonidan eng ko‘p daromad olayotgan kompaniya Apple bo‘lib chiqdi. «Olmali» korporatsiya bu borada hatto o‘zining asosiy raqibidan besh baravarga katta ko‘rsatkichni namoyon etgan. Ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham ixtiyoringiz, ammo kupertinolik gigant har bir sotgan ayfonidan naq 151 AQSh dollari miqdorida sof foyda ko‘rar ekan!

O‘QING: iPhone X tannarxi hisoblandi: qiymatning 74 foizi Apple’ning foydasi ekan!

Smartfonlaridan sof daromad ko‘rish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda, albatta, Samsung kelmoqda – sotilgan har bir Galaxy telefoni narxidan 31 dollari uning yoniga qoladi. Uchinchi pog‘onani 15 dollarlik ko‘rsatkich bilan Huawei egallagan, to‘rtinchi bo‘lib undan atigi 1 dollarga kam foyda bilan Oppo turibdi. Beshinchi o‘rindagi Vivo esa har bir sotgan telefonidan 13 dollar «soqqa qilishi» aniqlangan.

O‘z smartfonlaridan eng kam daromad ko‘ruvchi kompaniya esa «xitoycha Apple» deya ta’riflanuvchi Xiaomi ekan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, har bir sotgan smartfonidan u atigi 2 AQSh dollari miqdorida foyda ko‘radi. O‘ylab ko‘ring-da, bu pul birorta fast-fudda qorin to‘ydirishga ham yetmaydi – buni hatto tasavvur etish ham qiyin! Aynan shu – ishlab chiqaruvchi faqat o‘z foydasini ko‘zlamagani sababli ham Xiaomi mobil devayslari juda arzon. Hamyonbopligi bois tez va ko‘p sotilayotgan smartfonlar savdo aylanmasining yaxshi bo‘lishiga olib keladi – buyam foyda-da endi...

O‘QING: Xiaomi smartfonlari bunchalik ommabopligining 5 sababi