Samsung aqlli kiyim-boshlar ishlab chiqardi

Samsung aqlli kiyim-boshlar ishlab chiqardi

Samsung kompaniyasi CES 2016 iste’molchi ko‘rgazmasida, nafaqat, sensor ekranli muzlatgich va boshqa turdagi maishiy texnika anjomlarini, balki, aqlli kiyimni ham ko‘rsatdi.

G‘aroyib libos The Human Fit brendi ostida ishlab chiqarilmoqda. Oldinroq, bu kiyimning faqat nishonasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu gal ko‘rgazmaga keltirilgan antiqa sarpo darhol savdoga ham qo‘yildi.

The Human Fit uch turkumdagi kiyimlarni o‘z ichiga oladi. Bu NFC-datchikli erkaklar kostyumlari hamda golf va fitnes uchun maxsus liboslardir.

Aytishlariga qaraganda, kostyum yengidagi NFC-datchiklar yordamida mijozlar va hamkorlar bilan tez munosabat o‘rnatish mumkin. Savol tug‘iladi: kostyumdan ko‘zlangan maqsad tashrifqog‘ozlik funksiyasi bo‘lsa, uning o‘zini sotib olishning nima hojati bor?

Sport kiyimi esa yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sport ishtoni va futbolkada sensorlar va GPS-qurilma  joylangan bo‘lib, kishining jismniy faolligini nazorat qilishga mo‘ljallangan. Golf kiyimidagi maxsus datchik chavgon zarbalari to‘g‘risida ma’lumot to‘playdi.

Yana bir yangilik Welt aqlli belbog‘idir. Unga ham datchik o‘rnatilgan bo‘lib, egasining bel aylanasini o‘lchaydi, organizm ish faoliyati ko‘rsatkichlarini kuzatadi, jismoniy faollik va parhezga doir maslahatlar beradi.

Quyosh batareyali sumkacha ayollar uchun ishlab chiqarilgan. Kichkina va nafis ishlangan sumkachaga Samsungning eng katta plansheti sig‘adi. Unda oltiburchakli quyosh batareyalari tizib joylangan. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, quyoshli kunlarda sumkacha energiya g‘amlaydi va undan qurilmalarni quvvatlantirsa bo‘ladi. Hozircha, uning sig‘imi ma’lum emas.