Samsung «aqlli» treker-brelok ishlab chiqdi

  •   DiMaX
  •  939
  •  17.10.2017 11:17

Samsung «aqlli» treker-brelok ishlab chiqdi

Janubiy koreyalik gigant o‘z elektronika mahsulotlari qatorini yana bitta qiziq devays bilan boyitdi. Bu – Connect Tag deb nomlangan treker-brelok bo‘lib, u haqda Samsung o‘z saytida ma’lumot bergan.

Bu – NB-IoT va Cat. M1 aloqa standartlarida ishlovchi, iste’molchilar bozori uchun taqdim etilgan dunyodagi ilk qurilmadir. Ushbu ixcham smart-brelok mazkur standartlar bo‘yicha aloqada bo‘lib, o‘zining qayerda ekanligi haqida xabar yetkazib turadi. Devaysni nafaqat biror yukka yoki mashinaga biriktirib qo‘yib, uning harakatlanish yo‘nalishlarini kuzatish, balki uy hayvonlariga taqib qo‘yib, ular yo‘qolib qolishining oldini olish ham mumkin. Deylik, Connect Tag biriktirib qo‘ysangiz, kalitlaringiz yo boshqa shunday buyumlaringiz aslo yo‘qolib qolmaydi.

Samsung Connect Tag o‘zi biriktirilgan ob’yektning yoki buyumning aniq joylashuv o‘rnini uyali tarmoqlar, Wi-Fi, GPS/GLONASS tarmoqlari orqali yuqori darajada aniqlaydi. Geolokatsiya haqidagi ma’lumotni u NB-IoT hamda Cat. M1 aloqa standartlari vositasida Android-qurilmaga jo‘natadi.

Gadjet plastik korpusda bo‘lib, IP68 standarti bo‘yicha chang va namdan himoyalangan. «Aqlli» brelok 300 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega – ishlab chiquvchilarning ta’kidlashlaricha, uning quvvati bir haftaga bemalol yetadi. Uning dasturiy platformasi esa Samsung’ning o‘z ishlanmasi – Tizen IoT hisoblanadi.

Mazkur aksessuar karabinli (qisqichli) tasmachaga mahkamlangan, shu bois uni istalgan ob’yektga biriktirib qo‘yish imkoni mavjud. Bolaning ryukzagiga, safar chemodaniga yoki boshqa biror tashiluvchi narsaga bog‘lab qo‘ysa ham bo‘ladi.

Connect Tag’ning yana bir «fishka»si shundan iboratki, u «aqlli» texnika jihozlari bilan «muloqot»ga kirisha oladi. Masalan, Connect Tag egasi uyga kirishi bilan, xona chirog‘i yonadigan, televizor ishga tushadigan qilib sozlash imkoniyatlari bor.

Samsung Connect Tag’ning texnik xususiyatlari:

  • kam quvvat talab qiluvchi Bluetooth (BLE) va Wi-Fi, GPS/GLONASS;
  • eSIM’ni qo‘llab-quvvatlash;
  • uyali aloqa standartlari: NB-IoT, Cat.M1;
  • akselerometr;
  • yorug‘lik-diodli indikatsiya (uchta rangda);
  • 300 mA/soat sig‘imli akkumulyator;
  • IP68 himoya standarti;
  • Tizen IoT operatsion tizimi;
  • Android Marshmallow va undan keyingi tizim talqinlaridagi qurilmalar bilan bog‘lanish;
  • o‘lchamlari: 42,1x42x11,9 mm;
  • vazni: 25 gramm.

Kompaniya bu yangi gadjeti bilan 18–19 oktyabr kunlari  San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan dasturchilar anjumanida batafsil tanishtirmoqchi. Samsung Connect Tag’ni birinchilardan bo‘lib Janubiy Koreyadagilar xarid qilishlari mumkinligi ham ma’lum.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!