Samsung AQShdagi Galaxy Note 7 smartfonlarini faolsizlantiradi

Samsung AQShdagi Galaxy Note 7 smartfonlarini faolsizlantiradi

Shu yilning avgust oyida global taqdimoti o‘tkazilgan Samsung Galaxy Note 7 tom ma’noda kompaniya uchun eng omadsiz modellardan biriga aylandi. Sotuvga chiqarilganiga  bir oy bo‘lmasdan smartfon batareyasidagi (taxminlarga ko‘ra) nooszlik bois ularni yalpi qaytarib olish kampaniyasi boshlandi. Biroq almashtirilgan qurilmalar ham yonishda davom etgach, kompaniya 11 oktyabrdan boshlab ushbu modelni ishlab chiqarishni rasman to‘xtatgan edi.

Garchi Samsung bir necha bor turli hududlarda nosoz Galaxy Note 7 smartfonlarini  qaytarib olish bo‘yicha dasturlarni ishga tushirgan bo‘lsa-da, ammo dunyo bo‘ylab sotilgan 2 milliondan ortiq Galaxy Note 7 modellarining hali hammasi qaytarilmagan. Shu bois kompaniya yanada qattiqroq chora-tadbirlar ko‘rishga “majbur bo‘lmoqda”. Jumladan, bundan bir hafta oldin xabar berganimizdek, Samsung Avstraliyada ushbu markadagi smartfonlarni dastur yangilanishi orqali tarmoqqa ulanmaydigan qilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Kecha esa Janubiy Koreya kompaniyasi eng ko‘p Galaxy Note 7 smartfonlari sotilgan AQSh hududida ushbu smartfonlarni yangi proshivka yordamida butunlay faolsizlantirish haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bu borada Sammobile nashrida yozilgan xabarga ko‘ra,  Samsung bu ishni 19 dekabrdan boshlab 30 kun davomida amalga oshirishni rejalashtirgan. Kompaniyaning aytishicha, AQShda sotilgan Galaxy Note 7 smartfonlarining 93 foizi qaytarib olingan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!