Samsung qaytarilgan Note 7'dan qancha oltin-kumush ajratib olishini ma’lum qildi

Samsung qaytarilgan Note 7'dan qancha oltin-kumush ajratib olishini ma’lum qildi

Samsung Electronics kompaniyasi 2016 yilda akkumulyatoridagi nosozliklar tufayli ortga chaqirib olingan Galaxy Note 7 fabletlaridan yetgan zararni qoplash bilan jiddiy shug‘ullanmoqda. 18 iyulda koreyalik IT-gigant bu bo‘yicha bayonot berib, qaytarib olingan Galaxy Note 7'ning ichki detallaridan 157 tonna oltin va kumush, kobalt, mis va boshqa metallarni yig‘ib olishni reja qilayotganini aytgan.

Kompaniya qayta to‘plangan bu metallarni nima qilishi xususida ma’lumot bermagan. Biroq, Note 7'dan yechib olingan displey, xotira kartalari, kamera modullari va boshqa qismlarning sotilishi hamda qayta ishlatilishi e’lon qilingan.

Shuningdek, Samsung yirik miqdordagi zararni qoplash uchun yig‘ib olingan Note 7 fabletining 400,000 donasini qayta tiklab, Galaxy Note FE nomi bilan bozorga chiqargan. Koreya bozorida bu talqin $617, ya’ni 2016 yilgidan $265 dollar arzonga ostilmoqda. Xalqaro bozorda esa Galaxy Note FE'ning narxi $793 dollarga yetadi. 

Note 7 inqirozi Samsung tarixidagi eng og‘ir voqea bo‘lgan. Jahonning yetakchi smartfonsozi qisqa fursat ichida 2.5 million dona Note 7 sotishga ulgurgan edi. 2016 yilning kuzidan boshlab jahon miqyosida aviakompaniyalar  Note 7 fabletini samolyotlar bortiga olib chiqishni taqiqlashi, kompaniya rasman barcha xaridorlardan smartfonlarini ortga qaytarishlarini so‘rab murojaat qilishi oqibatida, millionlab Note 7'lar Samsung kompaniyasiga qaytarilgan edi. Bu kompaniyaga jami $5.2 milliard dollar zarar keltirgan.