Samsung “Galaxy Feel” smartfonini taqdim qildi

Samsung “Galaxy Feel” smartfonini taqdim qildi

G‘oyatda go‘zal va qimmatbaho Galaxy S8 hamda S8 Plus flagmanlari bilan jahonni hayratda qoldirgach, Samsung kompaniyasi kuni kecha cho‘ntak imkoniyatlariga nisbatan yaqin Samsung Galaxy Feel smartfonini Yaponiyada taqdim qildi.

Smartfon dizayni shisha va metall uyg‘unligida yaratilgan. Ayniqsa, korpusning metalldan ishlangan hoshiyalari o‘ziga xos taassurot uyg‘otadi. Uning qirralari mavjud modellarnikiga qaraganda ancha silliq. Ekspertlarning fikricha, bu smartfon Galaxy Alpha modelining yangilangan talqini bo‘lishi mumkin.

Galaxy Feel smartfoni Android 7.0 Nougat operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi. 4.7 dyuymli ekranning sig‘imi — HD (1280 × 720 pikselli). O‘ziga xos jihati ekran Super AMOLED matritsali displey bilan ta’minlangan. Shuningdek, korpus IP65 sertifikatiga ega, ya’ni chang va suvni o‘tkazmaydi.

Samsung Galaxy Feel samaradorligi uchun 1,6 GGs chastota tezligida ishlaydigan 8 yadroli protsessor mas’ul. Gadjetga 3 gigabaytli tezkor va 32 gigabaytli doimiy xotira o‘rnatilgan.

Smartfonning 3,000 mA soat tok sig‘imiga va tezkor quvvat olish texnologiyasiga ega akkumulyatori 110 daqiqada to‘liq quvvat oladi. Gadjet USB Type C universal porti orqali quvvat oladi. Shuningdek, bu port orqali kabel yordamida ma’lumot almashsa ham bo‘ladi.

Samsung Galaxy Feel 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11 a/b/g/n, NFC va Bluetooth 4.2 simsiz aloqa texnologiyalarida ishlaydi. Unda 3.5 mm.li audio-tuynuk ham bor.

Orqa panelda 16 MP bosh va old panelda 5 MP selfi-kamera moduli mavjud. Barmoq izlari skaneri esa “Home” tugmaga o‘rnatilgan.

O‘lchamlari: 138 × 67 × 8,3 mm, vazni — 149 gramm. Smartfon oq, qora va pushti rangli korpusda ishlab chiqarilmoqda. Smartfon iyunning o‘rtalaridan 325 dollar bahosida sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!