Samsung Galaxy S7 hamda LG G5 smartfonlari bir kunda taqdim qilinadi

Samsung Galaxy S7 hamda LG G5 smartfonlari bir kunda taqdim qilinadi

2016 yilning 22-25 fevral kunlari Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon Mobil Kongressi munosabati bilan mazkur oyning mobil aloqa vositalari ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniyalarning yangiliklariga boy bo‘lishi kutilmoqda.

Samsung’ning Android qurilmalari uchun Internet brauzerining reklama va kontentni ta’qiqlash funksiyasiga ega yangi talqini, Google’ning quyoshdan quvvat olib ishlaydigan dronlar yordamida 5G aloqa texnologiyasi, Google Fiber kompaniyasi tomonidan keng polosali internet tarmoqlariga mo‘ljallangan, Google Voice’ga o‘xshagan ovozli xat yuborish texnologiyasi va boshqa yangiliklarning namoyishi kutilmoqda.

Ammo, Android ixlosmandlari katta qiziqish bilan kutayotgan, bir-biriga raqobatchi sifatida qayd etilayotgan Samsung Galaxy S7 hamda LG G5 smartfonlari ham 22 fevral kuni foydalanuvchilar diqqatiga rasman havola qilinadi.

Fikr-mulohazalarga ko‘ra, raqobat masalasida Galaxy S7 2,560 x 1,440 piksel sig‘imiga ega 5.1 dyuymli displeyi bilan 5.5 yoki 5.6 dyuymli, 4K texnologiyasiga asoslangan, 3,840 x 2,160 piksel sig‘imiga ega displeyli LG G5’ga yutqazib qo‘yishi ham mumkin.

An’anaviy o‘tkazib kelinadigan, mobil sanoati kompaniyalarini taqdimot, seminar va dasturchilar ishtirokidagi seminarlar, sanoatning eng yaxshi vakillari taqdirlanadigan tadbirlar atrofiga to‘playdigan anjuman doirasida tashkil etiladigan, 2100 ta kompaniya ishtirok etadigan, 98 ming kvadrat metr maydonni egallaydigan ko‘rgazmada jahonning ko‘plab davlatlaridan 100 mingga yaqin ishtirokchining tashrif buyurishi kutilmoqda.