Samsung Galaxy S7 hamda S7 edge sirlari bo‘yicha maslahatlar

  •   DiMaX
  •  6498
  •  05.04.2017 15:57

Samsung Galaxy S7 hamda S7 edge sirlari bo‘yicha maslahatlar

Mazkur ikki yangi modelning ayrim yangicha funksiya va imkoniyatlari borki, ulardan bu qurilmalarning baxtli egalari butkul xabardor bo‘lmasliklari mumkin. Bu imkoniyatlarning ko‘pchiligi shunchaki TouchWiz foydalanuvchi interfeysining murakkab menyusiga yashirilgan.

Xullasi kalom, quyidagi tavsiyalar orqali, Samsung Galaxy S7 yoki S7 edge smartfoningizning ishlashini qulayroq, quvvat sarflashini kamroq qilishingiz mumkin.

  1. Smart-bildirishnomalar qulay, lekin ular akkumulyator quvvatini tezroq tugatadi.

Ushbu funksiya, o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar va yangi matnli xabarlardan siz smartfonni qo‘lingizga olganingizda ogoh etadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, buning uchun u harakatlanish datchigini ishga soladi, bu esa batareyaning quvvatini ko‘proq ketkazadi. Shuning uchun, agarda smart-bildirishnomalardan foydalanmaydigan bo‘lsangiz, mazkur funksiyani o‘chirib qo‘yishni tavsiya etamiz. Buning uchun devays sozlamalari – «Nastroyki»ni ochib, kengaytirilgan funksiyalariga, ya’ni «Rasshirennie funksii» bo‘limiga o‘tasiz. U yerdagi «Smart-uvedomleniya»ni o‘chirib qo‘ysangiz bo‘ldi.

  1. Ixcham displey rejimidan foydalaning.

Galaxy S7’dagi mazkur maxfiy funksiya Nova Launcher yordamida aniqlangan. Bu dastur interfeysni kengaytirish DPI’siga kirishga imkon bergan. Buning uchun siz Nova Launcher ilovasini yuklab olib, so‘ng mana bu yerdagi yo‘riqnoma asosida ekranning ixcham rejimini faollashtirishingiz mumkin.

  1. Avtomatik o‘chib-yonishni rejalashtiring.

Galaxy S7 yoki Galaxy S7 Edge gadjetingiz siz belgilab qo‘ygan vaqtda avtomatik tarzda o‘chib-yonishi mumkin. Bu esa smartfoningizni optimizatsiya qilishga, uning «dam olib olishi»ga yordam beradi. Agar shu funksiyani yoqib qo‘ysangiz, telefoningiz siz ishlatmayotgan payti o‘chib-yonadi. Uni yoqish uchun sozlamalarning «Arxivatsiya i sbros» bo‘limiga kirasiz.

  1. Qoramtirroq mavzular yordamida akkumulyator quvvatini tejang.

To‘qroq ranglardagi rasmlar AMOLED-ekranli qurilmalarning quvvat tejashiga ijobiy ta’sir etadi. Chunki qoramtir ranglarni aks ettirganida ekranning shu piksellari yonmaydi, bu esa tokni tejaydi. Mutlaqo qop-qora mavzular esa smartfonning bitta quvvat bilan ishlash davomiyligini yaxshigina uzaytiradi. Bu usuldan foydalanish uchun, «Mavzular do‘koni» – «Magazin tem»ga kirib, u yerdan to‘q rangli biror mavzuni, masalan – [MINU] Black Edition’ni olib o‘rnating.

  1. Yashirilgan «Oynalarni mahkamlash» funksiyasini topib ishlating.

Mazkur funksiya ilk bor Android Lollipop versiyasida qo‘llangan bo‘lib, u bittagina ilovani ekranda mahkamlab qo‘yishdan iborat. Mahkamlab qo‘yilgan dastur oynasini oddiy «Uyga», «Orqaga» yoki «Oxirgi ilovalar» tugmachalarini bosish orqali o‘chirib bo‘lmaydi. Lekin shu «Oynalarni mahkamlash» funksiyasi TouchWiz tizim menyusining chuqur joyiga yashirib qo‘yilgan. Undan foydalanish uchun sozlamalarning «Ekran blokirovki i bezopasnost» bo‘limini oching, undan «Drugiye parametri»ga o‘ting. Pastgacha varaqlab tushsangiz, «Prikrepit okna» opsiyasi ko‘rinadi. O‘shani yoqqach, endi siz «Nedavniye prilojeniya» menyusidagi istalgan ilovani ekranga mahkamlab qo‘ysangiz bo‘ladi. Bu funksiya, masalan, yosh bolaga faqat bittagina o‘yin-ilovadan foydalanishi uchun smartfoningizni berib turganingizda juda asqotadi. Mahkamlangan ilovani ekrandan olib tashlash uchun esa «Nedavniye prilojeniya» va «Orqaga» tugmachalarini baravar bosish kerak bo‘ladi.

  1. Smartfoningiz ko‘rilmagan bildirishnomalarni eslatib turishi mumkin.

Agarda, telefoningiz sizga o‘tkazib yuborilgan bildirishnomalarni keyinchalik eslatib turishini istasangiz, eslatish funksiyasini yoqib qo‘ying. Mazkur opsiyani sozlamalarning maxsus imkoniyatlar – «Spetsialnie vozmojnosti» bo‘limidan topasiz.

  1. Eshik qo‘ng‘irog‘i detektori va «enaga» datchiklaridan foydalaning.

Galaxy S7 yoki Galaxy S7 Edge smartfoningiz sizning eshigingiz qo‘ng‘irog‘i tovushini aniqlashidan, go‘dagingiz yig‘isi ovozini taniy olishidan xabaringiz bormidi? Bu funksiyalar ham sozlamalarning «Spetsialnie vozmojnosti» bo‘limida joylashgan. Ularni topib, yoqib qo‘yib, ishlatishingiz mumkin.

  1. Tugmachaning yoritilib turishi vaqtini ham o‘zingiz boshqara olasiz.

Afsuski, Samsung kompaniyasi «Orqaga» va «Oxirgi ilovalar» tugmachalarini sozlash imkoniyatlarini TouchWiz’dan olib tashlagan. Biroq ularni sozlash imkoniyati boshqa dasturchi tomonidan alohida ilova tarzida taqdim etilgan. Galaxy Button Lights nomli bu ilova tugmachalarning yoritilib turish muddatini sozlash yoki butkul o‘chirib qo‘yish imkonini beradi.

Bulardan tashqari, Samsung Galaxy turkumiga mansub qurilmalar parametrlarini batafsilroq ko‘rish uchun teriladigan maxfiy kodlar ham mavjudligini eslatib o‘tamiz.