Samsung harbiy darajada qattiq himoyalangan Galaxy Tab Active 4 Pro planshetini taqdim qildi

Samsung harbiy darajada qattiq himoyalangan Galaxy Tab Active 4 Pro planshetini taqdim qildi

Afsuski, hozirgi nozik va nafis dizaynda chiqarilayotgan mobil qurilmlar ofisdan tashqarida, turli xil sharoitlarda ishlovchilar uchun muqobil variant bo'la olmaydi. Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi ushbu muammoga o'zining yangi Galaxy Tab Active 4 Pro plansheti bilan javob berdi. Ortiqcha dabdabalarsiz taqdim qilingan qurilma harbiy darajadagi qattiq himoyalangan bo'lib, u ekstremal sharoitlar uchun AQSh harbiy kuchlarining MIL-STD-810H sertifikatiga, shu bilan birga, suv va changga chidamliligi uchun IP68 reytinggiga ega. Aytish kerakki, planshet 1-1.2 metr balandlikdan tushib ketishdan yoki 1.5 metr chuqurlikdagi suvda yarim soatlab qolib ketishdan "qo'rqmaydi".

Ma'lum bo'lishicha, 242.9x170.2 mm o'lcham va 10.2 mm qalinlik bilan atigi 674 gramm og'irlikdagi Galaxy Tab Active 4 Pro plansheti 10.1 dyuymli, 1920x1200 rezolyutsiyadagi TFT LCD displeyga ega. Ekran tirnalish va shikastlanishga chidamliligi bilan boshqa kimyoviy jihatdan mustahkamlangan oynalardan ustun turadigan Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan bo'lib, u 2 millimetr qalinlikdagi charm qo'lqopda teginishni ham seza oladi. Kameralarga keladigan bo'lsak, planshet avtofokus bilan 13 megapikselli (F1.9) asosiy orqa kameraga va 8 megapikselli (F2.0) selfi kameraga ega. 

Kapot ostida qurilma sakkiz yadroli protsessor (Snapdragon 778G chipseti) bilan 4/64 GB, 6/128 GB xotira konfiguratsiyasiyalariga ega. Albatta, planshet uchun bu xotira kamlik qilishi mumkin, lekin uni 1 TB gacha microSD karta bilan kengaytirish mumkin. Ma'lumotlarga ko'ra, planshet Android 12 ga asoslangan One UI qobig'ida ishlaydi va u uch yillik dasturiy ta'minot yangilanishi (Android 15 gacha) va besh yillik xavfsizlik yangilanishlarini qabul qiladi.

Alohida ta'kidlash joizki, Galaxy Tab Active 4 Pro plansheti 7,600 mA/s batareyaga ega va uni olish va o'rniga boshqasini qo'yish mumkin, ya'ni qurilma batareyasini alishtirib ishlatish mumkin. Bu bilan siz qurilma zaryadlanib olinishi kutib o'tirmaysiz va shartta yangi batareyani qo'yib, ishlashda davom etaverasiz. Biroq, siz yana bir batareyani alohida sotib olishingiz kerak. Qo'shimchasiga, planshetni hech qanday batareyasiz tashqi quvvat manbasiga ulagan holda ishlatish mumkin. 

Aloqa va ulanish borasida planshet 5G, Wi-Fi 6, NFC, Bluetooth 5.2 xususiyatlariga va USB-C portiga ega. Bundan tashqari qurilmada ikkita mikrofon, sezilarli darajada baland ovoz chiqaruvchi karnaylar, istalgan ilovani birgina bosish bilan ochish uchun sozlab olsa bo'ladigan tugma, barmoq izini aniqlash xususiyatiga ega Yoqish (Power) tugmasi va FaceID ham mavjud.  

Galaxy Tab Active 4 Pro sentabrda (aniq sana va narxi hozircha ma'lum emas) Osiyo, Lotin Amerikasi, Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq va ayrim Yevropa mamlakatlarida sotuvga chiqariladi. Planshet qutida S Pen va uni ushlab turadigan joyiga ega himoya g'ilofi bilan keladi. 

O'QING: Apple ham o‘zining bir nechta eski smartfonlariga yangilanish yubordi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.