Samsung ikki kunda 22 mlrd dollarga arzonlashdi

Samsung ikki kunda 22 mlrd dollarga arzonlashdi

Bloomberg nashrining xabar berishicha, Galaxy Note7 bilan bog‘liq muammolar tufayli Samsung Electronics kompaniyasining birja qiymati ikki kun davomida 22 mlrd AQSh dollarga arzonlashib ketgan. Kompaniyaga qarashli aksiyalarning narxi ikki kun ichida 10,61%ga tushgan. Dushanba kunidagi savdo natijalariga ko‘ra brendning qiymati birja bozorida 249,52 trln von yoki taxminan 226,375 mlrd AQSh dollariga baholangan.

Voqealarning bunday shiddat bilan tus olishiga kompaniyaga tegishli flagman model – Galaxy Note7 bilan bog‘liq nosozlik va uning atrofidagi shov-shuvlar sabab bo‘lgan. Ushbu modelning batareyasida mavjud nosozlik tufayli jahon bo‘yicha bir nechta Galaxy Note7 smartfonlari yonib ketgan. Aviakompaniyalar (jumladan AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi) samolyot bortiga mazkur markadigai smartfonni olib kirishni yoki undan foydalanishni cheklab qo‘ygan.

Shuningdek, AQShda smartfonning mashina saloni ichida portlab ketishi natijasida avtomobil to‘liq yonib ketgan. Shuningdek, Nyu-York shahrida 6 yoshli bolaning smartfon yonishidan jiddiy jarohat olgani haqida xabar berilgan. Iste’mol tovarlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha AQSh komissiyasi foydalanuvchilardan Samsung Galaxy Note7 telefonidan foydalanishni to‘xtatishni so‘ragan. Garchi Janubiy Koreyalik gigant smartfonlarni chaqirib olish bo‘yicha global dasturni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, hozircha u kutilgan natijani bermayapti. Kompaniya hatto qaytarilmagan xavfli Galaxy Note smartfonlarini masofadan faolsizlantirishi haqida ogohlantirgan.

Analitiklarning fikricha, agar kompaniya tez orada ushbu muammoni bartaraf etmasa, yo‘qotishlar bundan-da ulkan bo‘lishi hech gap emas.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!