Samsung ilk "Galaxy On" arzon smartfonini taqdim qildi

Samsung ilk

Samsung shu kunlarda o‘zining hamyonbop smartfon modellarini boshqatdan ko‘rib chiqmoqda. Xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan yuzaga kelayotgan bugungi raqobat kompaniyani nisbatan ilg‘or texnologiyalarga ega arzon smartfon ishlab chiqarishga majbur qilmoqda. Shu bois, Samsung kompaniyasi "Galaxy On" turkumida yangi hamyonbop devayslar ishlab chiqarishga qaror qildi. Ilk model bo‘lmish Samsung Galaxy On8 (2018) bugun taqdim qilindi.

Yangi smartfon keng formatli bo‘lib, unga 6 dyuymli, Super AMOLED matritsali displey o‘rnatilgan. Tomonlarining nisbati 18,5:9 o‘lchamli bo‘lgan bu ekranning piksellar sig‘imi soddagina - 1480x720, ya’ni HD!

Platformaga mas’ul bo‘lgan chipset ham kamtargina, siyqasi chiqqan va ko‘plab arzon devayslarga o‘rnatilgan Snapdragon 450. Biroq, operativ xotira yaxshi - 4 gigabaytli, shuningdek 64 gigabaytli doimiy xotirani qo‘shimcha xotira kartasi orqali 256 Gb.gacha kattalashtirish mumkin.

Samsung Galaxy On8 (2018) modelining yana bir kuchli jihati sifatida batareya imkoniyatlarini aytish mumkin — 3500 mA soat. Harqalay arzon devays uchun shu ham kichik ko‘rsatkich emas. Qualcomm chipi va quvvatni tejaydigan Super AMOLED ekran to‘liq quvvat bilan ishlash vaqtini yanada oshiradi.

Samsung Galaxy On8 (2018) bosh kamerasi ham diqqatga sazovor: qo‘sh datchiklarning biri 16 Mp (f/1.7), boshqasi 5 Mp (f/1.9). Juda ham yaxshi tanlov! Old kamera ham chakki emas - 16 megapikselli (f/1.9)! Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, kameralar "sun’iy ong" texnologiyasi bilan ta’m’inlangan, shuningdek Live Focus, Portrait Dolly hamda Background Blur Shape (orqa fonni g‘ira-shira qilish) funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Samsung Galaxy On8 (2018) Android 8.0 Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Gadjet 6 avgustdan boshlab $248 dollar bahosida xalqaro bozorda sotuvga chiqariladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!