Samsung ilk marta iPhone'dan tezkor bo‘ladi

Samsung ilk marta iPhone'dan tezkor bo‘ladi

Ice Universe insayderi yangi avlod geleksi flagmanlarida tatbiq qilinishi kutilayotgan Exynos protsessorining o‘ziga xosliklarini ma’lum qildi. Mazkur chip birinchi bo‘lib keyingi yil taqdim qilinuvchi Samsung Galaxy S10 smartfoniga o‘rnatiladi.

Ice Universe tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Samsung Galaxy S10 flagmani Exynos 9820 protsessoriga ega bo‘ladi. Mazkur chipset Samsung Galaxy S9 modelida o‘rnatilgan Exynos 9810 chipining "merosxo‘ri"dir. Yangi avlod flagmanidagi grafik-tasvirlarni qayta ishlash uchun Mali-G76 video kartasi mas’ul bo‘ladi..

Exynos 9820 — bu sakkiz yadroli protsessor bo‘lib, unda ikkita Exynos M4 yadrolari, to‘rtta Cortex-A55 yadrolari hamda ikkita Cortex-A75 yoki A76 yadrolari bo‘ladi. Exynos M4 yadrosi Samsung tomonidan ishlab chiqilgan shaxsiy texnologik yechim bo‘lib, Cortex-A76 yadrosining o‘rnini egallaydi.

Samaradorlikni o‘lchaydigan imtihonlarda bu yadro Cortex-A76 yadrosidan ko‘proq ball to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq, uning natijalari iPhone X ega bo‘lgan Apple A11 protsessoridan hozircha past. Biroq, chipni takomillashtirish ishlari yakunlansa, natija kutilganidan yuqori bo‘lishi mumkin.

Yangi grafik protsessor bo‘lmish Mali-G76 — bu so‘nggi va kuchli ARM chip hisoblanadi. 7 nanometrli texnik jarayonga ega ushbu ishlanma ajdodidan tezkor hamda undan ko‘ra kamroq quvvat iste’mol qiladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Samsung o‘zining shaxsiy grafik protsessorini ishlab chiqarish uchun ham katta mablag‘ sarflagan. Samsung, Qualcomm hamda Apple kompaniyalari hozircha smartfon ishlab chiqarishda o‘zlarining grafik chiplaridan foydalanadilar.

Agar koreyalik IT-gigant smartfonlarida shaxsiy protsessor va video kartadan foydalanadigan bo‘lsa, bu uning smartfonlaridagi dasturiy va apparat ta’minotini muvofiqlashtirish orqali devayslardagi samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Apple aynan shuning uchun ham eng tezkor mobil platforma yaratishda yaqqol peshqadam.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!