Samsung printer biznesini HP’ga sotdi

Samsung printer biznesini HP’ga sotdi

Bugun e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi o‘ziga qarashli printer biznesini HP’ga 1 millard AQSh dollari evaziga sotib yuborgan. Bu haqda Samsung bilan bog‘liq yanliliklarni e’lon qiladigan Sammobile nashri xabar bergan.

Kelishuvga ko‘ra  Samsung  printer biznesini alohida kompaniyaga aylantiradi va shundan keyin uni HP’ga sotishni boshlaydi. Janubiy Koreyalik gigant baribir HP kompaniyasiga printerlar uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni yetkazib berishda davom etaveradi. Shu bilan birga, kompaniya Janubiy Koreya hududida HP tomonidan ishlab chiqarilgan printer va boshqa chop etish qurilmalarini Samsung brendi ostida sotishga kelishib olgan.

Manbada keltirilgan ma’lumotga ko‘ra Samsung ayni paytda jahon printer bozorida yuzaga kelgan kuchli raqobat sababli ushbu biznesni sotishga qaror qilgan. Chunki hozirda Canon, Epson va turgan gapki HP kabi brendlar Samsung’ga printerlar bozorida ko‘p “non” qoldirmayapti. Kompaniya bundan buyon smartfon, xotira chipi va televizor biznesiga ko‘proq e’tibor qaratishni rejalashtirgan. Albatta, bunday katta kelishuv natijasida Amerikaning HP kompaniyasi Osiyo qit’asi bozorlarida o‘z pozitsiyasini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.