Samsung qayta tiklangan Galaxy Note 7 smartfonlarini sotuvga chiqarishi mumkin

Samsung qayta tiklangan Galaxy Note 7 smartfonlarini sotuvga chiqarishi mumkin

Samsung kompaniyasining 2016 yil avgust oyida global taqdimoti o‘tkazilgan Galaxy Note 7 fableti sotuvga chiqarilganidan keyin batareyada aniqlangan muammo sababli qaytarib olingan edi. Masala yanada jiddiy tus olgach, 11 oktyabrda firma ushbu modelni ishlab chiqarishni rasman to‘xtatgan edi.

Kuni kecha Sammobile saytida paydo bo‘lgan xabarga ko‘ra, Samsung 2017 yilda qayta tiklangan Galaxy Note 7 smartfonlarini sotuvga chiqarishi mumkin. Hozircha texnologik gigant bu borada yakuniy qarorga kelmagan. Biroq nashrning yozishicha, agar firma ushbu modeldagi tiklangan smartfonlarni bozorga chiqarishni rejalashtirsa, ular birinchi navbatda, Hindiston va Vetnam kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda sotiladi.

Hozircha Samsung qancha miqdordagi smartfonlar tiklanishiga aniqlik kiritmagan. Kompaniya hali-hanuz avvalroq sotilgan nosoz Galaxy Note 7 smartfonlarini foydalanuvchilardan qaytarish jarayonini oxiriga yetkazgani yo‘q.