Samsung tarixida g‘ayrioddiy jinoyat fosh bo‘ldi

Samsung tarixida g‘ayrioddiy jinoyat fosh bo‘ldi

Janubiy Koreya politsiyasi 2014 — 2016 yillarda Samsung’ning Suvon shahridagi bosh qarorgohidan 8475 dona smartfonlarni o‘g‘irlagan kompaniya xodimini hibsga oldi.

Li familiyali ayblanuvchi shtab-kvartiradan olib chiqqan, jami bahosi 700 ming AQSh dollari bo‘lgan mobil qurilmalarni smartfon savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konga berib kelgan.

Bu jinoyatning noodatiyligi shundaki, Li imkoniyati cheklangan shaxs bo‘lib, yura olmaydi. Samsung’ga 2010 yilda, kompaniya imkoniyati cheklanganlar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilgach, ishga kirgan bu shaxs bu yerda yangi loyihalar uchun ishlanmalarni va qurilmalarni, sinov tariqasida keltirilgan smartfonlarni ta’mirlab kelgan.

Samsung’ning barcha ishchilari ish kunidan so‘ng ofisni metall aniqlovchi maxsus uskunadan o‘tib, keyin tark etishadi. Ammo imkoniyati cheklangani uchun, janob Li bu tekshiruvdan ozod qilingan. Hurmatini bilmagan xodim esa kunora o‘zi bilan kompaniyaning ustaxonada yig‘ilib qolgan smartfonlarini olib chiqib ketavergan.

Agar Samsung’ning sotuvga chiqarilishi taqiqlangan smartfonlari sirli tarzda Vetnamda aniqlanmaganida edi, ehtimol bu jinoyat fosh bo‘lmas edi. Shundan keyin kompaniya bu to‘g‘rida politsiyaga ma’lum qilgan. Ichki surishtiruvlar esa voqeaga aniqlik kiritdi.

Yana bir qizqi jihati shuki, jinoyatchi bu pullarni qimor o‘yinlari tufayli ko‘payib ketgan qarzlari uchun to‘lab yurgan. Harom luqma yuqmas, deb shuni aytishsa kerak.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.