Samsung va Qualcomm hamkorlikda yangi texnologiyadagi Snapdragon 835 protsessorini yaratishdi

Samsung va Qualcomm hamkorlikda yangi texnologiyadagi Snapdragon 835 protsessorini yaratishdi

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Qualcomm Technologies bilan hamkorlikda butunlay yangi texnologiyada ishlangan Snapdragon 835 protsessorini taqdim qildi. Chipset  Samsung firmasiga qarashli 10 nanometrli FibFET texnoprotsessi asosida yaratilgan.

4PDA saytining yozishicha, mazkur chipset 14 nm-li protsessorlarga qaraganda 27% samaraliroq ishlaydi, quvvat iste’moli esa 40 foizga kamroqdir. Sanoatda  Snapdragon 835 chipsetining ishlab chiqarilishi mobil protsessorlarning hajmini sezilarli darajada kichraytirdi, bu esa telefonga yanada yirikroq sig‘imli batareyalarni qo‘llash imkoniyatini taqdim etadi.

Hozircha boshqa tafsilotlari ma’lum qilinmagan Snapdragon 835 chipsetidan tashqari, Qualcomm to‘rtinchi avloddagi Quick Charge tezkor zaryadlash texnologiyasini ham tanishtirdi. Mazkur texnologiya Snapdragon 835 protsessori o‘rnatilgan qurilmalarda qo‘llab-quvvatlanadi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bunday texnologiya orqali qurilmani 5 daqiqa zaryadlab, undan besh soat davomida foydalanish mumkin bo‘ladi. Quick Charge 4.0 texnologiyasi Quick Charge 3.0 bilan solishtirganda, smartfonlarni 20%ga tezroq va samaraliroq zaryadlashga imkoniyat yaratadi.

Snapdragon 835 protsessorida ishlaydigan smartfonlar 2017 yilning birinchi yarmida sotuvga chiqariladi.