Samsung vitse-prezidenti kompaniya inqiroz yoqasida ekanini va ishdan ketishini ma’lum qildi

Samsung vitse-prezidenti kompaniya inqiroz yoqasida ekanini va ishdan ketishini ma’lum qildi

Janubiy Koreyaning ulkan konglomerati, sayyoramizning 2-raqamli yirik texnologiya kompaniyasi bosh direktori Kvon Oh-Hyun bugun o‘z vazifasidan ketishini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilning martida u o‘z lavozimini tark etadi. Kvon Oh-Hyunning aytishicha, u kompaniyaning bugungi manfaat va qiziqishlarini, keyingi taqdirini hisobga olgan holda shu qarorga kelgan.

Bosh direktor o‘z xodimlariga yo‘llagan maktubida kompaniya "ichidan-tashqariga" tomon katta inqirozga yuz tutayotganini ma’lum qilgan. "Men uzoq o‘yladim va kompaniyani jar yoqasiga olib kelib qo‘yganimizni angladim. Hozir bu xatoni tuzatishning ayni payti. Kompaniya o‘zining yangi davrini yangi ruh va jadal o‘sib borayotgan IT sanoatiga tashabbus bilan kirib keladigan yangi yo‘lboshchilar bilan qayta boshlashi kerak", deyiladi maktubda.

Bosh direktorning bu qarori va fikrlari bevosita yaqinda poraxo‘rlikda ayblanib 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Samsung Group rahbari, 49 yoshli Li Je Yongning qamalishi bilan ham bog‘liq.

Garchi, kompaniya boshiga shuncha sinov tushsa ham, Samsung Electronics jahonning eng serdaromad kompaniyalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Jumladan, joriy yilning 3-choragida Samsung Electronics'ning $12.8 mlrd dollar daromad ko‘rishi, bu esa avvalgi yilning shu davrida nisbatan 179 foizga ko‘proq degani.

Kompaniyada 32 yillik mehnat faoliyatiga ega (2012 yildan bosh direktor) Kvon Oh-Hyunning so‘zlariga ko‘ra, bugungi muvaffaqiyat bundan bir necha yil avval chiqarilgan qarorlar va kiritilgan sarmoyaning mevasi. Hozirgi rahbariyat esa hozircha kompaniyaga istiqbolda daromad keltiradigan biror bir mexanizmni joriy qilgani yo‘q. Buning uchun esa hozirdanoq kelajakda kutilayotgan trendlarni o‘rganish kerak bo‘ladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!