Samsung yangilangan Notebook 9 noutbuklarini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1528
  •  15.12.2017 17:55

Samsung yangilangan Notebook 9 noutbuklarini taqdim etdi

Kelasi yilning 9–12 yanvar kunlari Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan CES 2018 ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ishlarini Samsung Electronics allaqachon boshlab yuborgan. Kompaniya bu tadbirda o‘zining yangilangan Notebook 9 noutbuklarini namoyish etishini o‘zining rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.

O‘QING: Microsoft korporatsiyasi MacBook 12’dan uch hissa yuksak avtonomlikka ega inqilobiy noutbuklarni taqdim etdi (+video)

Mazkur turkumga ikkita model kiradi – Notebook 9 (2018) noutbuki hamda 360 darajada buklanadigan, S Pen stilusiga ega Notebook 9 Pen modeli.

Bulardan birinchisi – Samsung Notebook 9 (2018) modeli sakkizinchi avlod Intel Core i7 protsessori bazasida ishlaydi. Uning DDR4 tezkor xotirasi 16 GBgacha hajmga ega, qattiq diski esa 1 TBgacha. Uning o‘zi ikkita versiyada ishlab chiqariladi: displeyining o‘lchami diagonaliga 13,3 dyuymlik hamda 15 dyuymlik. Har ikkalasining ham displeyi tasvir aniqligi Full HD formatida (1920x1080 pikselli). 15 dyuymlik talqinida, shuningdek, 2 gigabaytlik GDDR5 videoxotirasiga ega NVIDIA GeForce MX150 grafikali opsiya ham ko‘zda tutilgan. Bu noutbuklarga 75 Vt-soatlik akkumulyatorlar o‘rnatilgan, vaznlari esa tegishlicha 995 va 1250 grammni tashkil etadi.

O‘QING: ASUS teskarisiga buklanuvchi, metall korpusli xrombuk chiqardi (+hazil)

Teskarisiga ham buklanuvchi Notebook 9 Pen modeli esa 13,3 dyuymli tachskrin (sensor boshqaruvli) ekranga ega. Uning displeyi ham 1920x1080 pikselli, ya’ni Full HD formatida. «Yuragi» – sakkizinchi avlod Intel Core i7 protsessori. DDR4 tezkor xotirasi 16 gigabaytgacha, ichki xotira diski esa 512 GBgacha hajmlidir. Mazkur qurilma S Pen stilusi bilan ishlashni qo‘llab-quvvatlaydi, stilusni joylashtirish uchun korpusda maxsus slot ham ajratilgan.

Samsung Notebook 9 Pen hamda Notebook 9 (2018) shu oyning oxirigacha Koreyada paydo bo‘ladi, AQSh va boshqa hududlarda esa – 2018 yilning birinchi choragida.

O‘QING: Noutbuk savdosida sizni qanday aldashadi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!