Sensatsiya: LG G6 bir sutka muz ichida «jon saqladi»!

  •   DiMaX
  •  1223
  •  09.03.2017 15:14

Sensatsiya: LG G6 bir sutka muz ichida «jon saqladi»!

Barselonadagi MWC 2017 ko‘rgazmasida LG tomonidan taqdim etilgan G6 smartfoni kompaniyaning ajralmas korpusli, shuningdek IP68 standartiga ko‘ra suvdan himoyalangan ilk flagmani bo‘ldi. Bu – mazkur devays bir metrdan ortiq chuqurlikdagi suv tubiga uzoq muddatli sho‘ng‘ishga ham dosh bera oladi, deganidir.

Bundan tashqari, LG G6 modeli mustahkamlik bo‘yicha MIL-STD-810 harbiy sertifikatiga ham ega. Videobloger Maks Li mazkur smartfonni deyarli bir sutkalik muddatga muzlatib qo‘yib, haqiqiy sinovdan o‘tkazishga qaror qildi.

Aytish kerakki, IP68 himoyasiga ega qurilmalarning har biri ham muzlatish sinovidan o‘tib, yana ish qobiliyatini saqlab qola olmaydi. To‘g‘ri, sovuqdan qo‘rqmaydigan smartfonlar ham bor, ammo muz ichida qolish…

Xullasi kalom, LG G6 flagmanini shu jihati bo‘yicha tekshirish uchun, videobloger uni suvli idishga solib, muzlatgichga tiqib qo‘ydi. Shu tariqa, smartfon uchun 22 soatlik «muzlik davri» joriy etildi.

Shu muddatdan so‘ng muzni eritish jarayonida, kutilmaganda devays «ko‘zlarini ochdi» – uning ekrani yondi. Muzdan to‘liq ajratib olinib, tozalangach esa LG G6 hech bir muammosiz yoqildi va odatdagiday ishlab ketaverdi!

Biz esa har qanday modeldagi smartfon egalariga mazkur sinovni takrorlab ko‘rishni maslahat bermaymiz. Qurilmalar ustida o‘tkaziladigan sinovlarning oqibatiga o‘zingiz mas’ul ekaningizni yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!