Sharp ramkasiz smartfon prototipini ko‘rsatdi

Sharp ramkasiz smartfon prototipini ko‘rsatdi

Yaponiyaning Sharp kompaniyasi CeaTech 2016 ko‘rgazmasida Sharp Corner R nomli ramkasiz smartfon prototipini namoyish etdi. Bu haqda hi-tech.mail.ru resursi xabar bergan. Prototip ikki yon tomon va yuqorida juda ham ingichka, deyarli ko‘zga ko‘rinmaydigan ramkalar bilan o‘ralgan. Qurilmaning pastki qismida kengroq, bir qancha funksiyalarni bajaradigan panel joylashtirilgan.

d1 (2)

Ramkasiz smartfonga Full HD formatidagi 5,2 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Ekrandagi bir dyuymda 445 ta piksel (ppi) mavjud. Displey old panelning 90% maydonini egallagan bo‘lib, qayrilgan 2,5D-oyna bilan qoplangan. Hozircha prototip haqida boshqa ma’lumotlar oshkor etilmagan. Agar yapon kompaniyasi mana shunday displeyga ega smartfonlarni ishlab chiqarishning uddasidan chiqsa, shubhasiz, ular jahon bozorida ancha xaridorgir bo‘lishi mumkin. Ta’kidlash lozim, Sharp Corner R hozircha shunchaki prototip model, uning tijorat versiyasiga biroz o‘zgartirishlar kiritilishi ehtimoldan xoli emas.

d1 (1)

Eslatib o‘tamiz, bu Sharp’ning ramkasiz smartfon tayyorlashdagi ilk urinishi emas. Firma 2014 yilda old kamerasi quyi panelda joylashgan ramkasiz gadjetni namoyish qilgan edi. Ushbu smartfon faqatgina Yaponiyada sotuvga chiqarilib, kutilgan natijani keltirmagan edi.