Shavkat Mirziyoyev deputatlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev deputatlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni buyurdi

Mirziyoyev O‘zbekistondagi har bir deputat ijtimoiy tarmoqlarda o‘z akkauntiga ega bo‘lishi lozim degan fikrni bildirdi, deb yozmoqda Sof.uz.

"Deputat va senatorlar o‘z faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etib borish uchun Internetda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, zarur ma’lumotlarni ularga kiritib borishlari lozim. Dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar allaqachon shu tizimga o‘tgan, deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti Oliy Majlis palatalari vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida.

Mirziyoyev bu boradagi ishlarni tashkil etish vazifasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Sh.Shermatovga topshirilishini bildirib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, Oliy Majlis palatalari deputatlar va senatorlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishga doir nizomni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish lozimligini ta’kidladi.

"Har bir deputat faoliyatini baholash va rag‘batlantirishning aniq mezoni va mexanizmlarini belgilash, shunga ko‘ra namuna ko‘rsatgan deputatlarga "adolatli deputat", "xalqparvar deputat", "mehnatkash deputat" degan nomlar berishni nazarda tutish maqsadga muvofiqdir", dedi prezident.

"O‘ylaymanki, bunday nomlarga sazovor bo‘lgan deputatlar keyingi saylovlarda avvalo siyosiy partiyalar tomonidan nomzod sifatida ilgari suriladi, eng muhimi, ular xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi", — ishonch bildirdi O‘zbekiston prezidenti.

Mirziyoyev shuningdek, sidqidildan va samarali ishlagan, vakolati tugagan deputatlarga "faxriy deputat" maqomini berib, ularning oyligiga ustama haq to‘lash tizimini joriy qilish kerakligini aytdi va Qonunchilik palatasi deputati yoki Senat a’zosi bo‘lgan faxriy deputatlarga har yili eng kam oylik ish haqining 8 barobari, mahalliy kengashlarning faxriy deputatlariga — 3 barobardan 5 barobargacha bo‘lgan miqdorda mukofot berishni taklif etdi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.