Shvetsiyadagi “aqlli chuqurlar” – qoidabuzarlarni jazolashning yangi usuli

Shvetsiyadagi “aqlli chuqurlar” – qoidabuzarlarni jazolashning yangi usuli

Shvetsiyaning Edeva kompaniyasi ajoyib yo‘l texnologiyasini ishlab chiqdi. Ushbu texnologiya tezlikni oshiradigan haydovchilarni yaxshigina ta’zirini berishga mo‘ljallangan. Actibump texnologiyasi yo‘lning ma’lum qismlariga o‘rnatiladigan va elektronlashtirilgan plitadan iborat. Qurilmaning asosiy xususiyati shundaki, u yo‘l qoidasi va belgilangan tezlik me’yorlariga rioya qiladigan haydovchilarni umuman bezovta qilmaydi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, yo‘lda harakatlanib kelayotgan transport vositasi agar o‘rnatilgan tezlikka amal qilsa, plita joyidan qo‘zg‘almaydi. Biroq haydovchi tezlikni oshiradigan bo‘lsa, plitaning bir tomoni pastga qarab og‘a boshlaydi, natijada qoidabuzar avtomobil suniy chuqurga tushib zararlanadi.

Avtomobil tezligi, asosan, radar yordamida o‘lchanadi, biroq kamera va induksion sharnirli variantlar ham ko‘zda tutilgan. Tizimni, shuningdek, distansion pult yordamida ham boshqarish mumkin. Masalan, tez tibbiy yordam yoki boshqa xizmat ulovlari o‘tganda tizimni faolsizlantirish uchun pult juda qo‘l keladi.

Konsept mualliflarining fikricha, mazkur texnologiya ekologik jihatdan toza, shuningdek, u qoidaga amal qiladigan haydovchilarni umuman bezovta qilmaydi. Aqlli chuqurlar ayni paytda Shvetsiyaning ba’zi shaharlarida (Uppsal, Lincheping) va Oresund ko‘prigida o‘rnatilgan.