“Sichqoncha” uchun g‘ayrioddiy gilamcha sotuvga chiqmoqda

“Sichqoncha” uchun g‘ayrioddiy gilamcha sotuvga chiqmoqda

Shveysariyaning Logitech kompaniyasi kompyuter “sichqoncha”siga mo‘ljallangan Powerplay deb nomlanuvchi ilg‘or gilamchani namoyish qildi. Bu aksessuar kompyuterning simsiz “sichqoncha”sini quvvatlayverib charchagan foydalanuvchilar uchun. Ya’ni, kompaniya taqdim qilgan Powerplay elektron gilamchasi endi “sichqoncha”dan foydalanish chog‘ida uni quvvatlaydi ham.

Yangi texnologiyada gilamchaning yuzasi to‘liq quvvat berish moduliga aylantirilgan. Quvvat berish jarayonida elektron gilamchaning o‘zi elektr ta’minotiga ulangan bo‘lishi kerak.

Logitech vakilining ma’lum qilishicha, Powerplay gilamchasi 4 yillik izlanishlar samarasidir. Bunday ilg‘or gilamchalarning ilk modeli Logitech G Powerplay deb nomlangan. Uning maydoni — 275 mm x 320 mm.ga teng. “Sichqoncha” uning xohlagan qismidan quvvat oladi. Bu gadjet avgust oyidan $100 bahosida sotuvga chiqadi.

Ammo, Powerplay aksessuari hozircha faqatgina o‘zi uchun ishlab chiqarilgan maxsus “sichqoncha”ni quvvatlaydi. Powerplay texnologiyasi kelajakda takomillashtirilib, undan keyinchalik smartfonlarni quvvatlashda ham foydalanilishi mumkin.