Siri va boshqa virtual yordamchilar nima uchun hayotimizni yengil qilmaydi?

Siri va boshqa virtual yordamchilar nima uchun hayotimizni yengil qilmaydi?

Jahonning yirik IT-kompaniyalari bizni virtual yordamchilardan foydalanishga undamoqda. Apple telefonlardagi Siri’ni chaqirishni soddalashtirdi va uni kompyuterlarga ham o‘rnatdi; Google ichida avvaldan o‘rnatilgan bot-yordamchisi bor messenjer chiqardi; Microsoft va Amazon kompaniyalari ham bu borada o‘z yechimlarini taklif qilgan. Biroq nima uchun biz ertalabdan kechgacha o‘z telefonlarimiz, kompyuterlarimiz va karnaylarimiz bilan gap sotmayapmiz? Meduza nashri virtual assistentlarning eng asosiy kamchiliklarini sanab o‘tdi.

1. Ular bizni eshitmaydi

Bunda gap, tabiiyki, ovozli yordamchilar haqida bormoqda — bu Apple qurilmalaridagi Siri, Android telefonlardagi Google assistenti yoki bo‘lmasa Amazon Echo “aqlli karnayi” bo‘lishi mumkin. Har safar qandaydir kerakli tugmani bosaverish zaruratidan qutilish uchun, ishlab chiqaruvchilar bu yordamchilarga, misol uchun, “Okey, Gugl” ko‘rinishidagi ma’lum bir buyruq berilgan vaqtda “uyg‘onish”ni o‘rgatgan.

Biroq, amaliyotda bu buyruqlar har doim ham birinchi urinishdayoq kerakli natijani beraveraydi. Shu sababli foydalanuvchi bir gapni har xil ohangda tinmay takrorlayotgan to‘tiqushga o‘xshab qoladi (bu harakatlarning hammasi telefon insonni tushunishi uchun!): “Okey, Gugl. Okey, Gugl. Ou-key, Gugl. O-o-okey, Gu-ugl”. Agar bu jarayon biror gavjum joyda sodir bo‘lsa, foydalanuvchi ovozli yordamchini yoqishdan avval yuz marta o‘ylab ko‘radi.

2. Ular bizni tushunmaydi

Bunda gap nafaqat buyruqlarni to‘g‘ri tushunish haqida bormoqda — ba’zan telefonlar (va ularda sozlangan neyrotarmoqlar) odam zo‘rg‘a anglaydigan gap-so‘zlarni ham aniq bayon qiladi. Biroq keyin, ko‘pincha, biz kutganimizdan ancha uzoq javobni olamiz.

Ishlab chiqaruvchilarning ishontirishicha, “aqlli yordamchilar” shu qadar aqlliki, ular bilan insoniy muloqot qilish mumkin, ya’ni, gaplaringizni so‘zlashuv uslubida tuzishingiz va hatto keyingi gapingiz avvalgisiga bog‘liq bo‘lgani holda suhbatlashishingiz ham mumkin. Biroq amaldagi muloqot, odatda, bir buyruqni qayta-qayta turli ko‘rinishda berishdan nariga o‘tmaydi (“Toshkentda bugungi ob-havo”, “bugun ob-havo qanday bo‘ladi?”, “bugun yomg‘ir yog‘adimi?”). Bu ketma-ketlikni esa sifat borasida o‘sish deyishga til bormaydi, albatta — foydalanuvchi o‘zi xohlagan javobni olishi uchun baribir aniq, anglash doirasi imkon qadar qat’iy cheklangan buyruqlarni berishi kerak.

3. Ular nima qila olishini biz bilmaymiz

Reklama roliklarida odatda virtual yordamchiga turli buyruqlar berayotgan baxtli odamlarni ko‘ramiz, unda yordamchilar ham buyruqlar so‘zsiz bajaradi. Muammo shundaki, bu videolarning qahramonlari ularning qo‘lidagi qurilma nimalarni qila oladi-yu, nimalarni qilolmasligini aniq biladi.

Hayotda esa hammasi boshqacha. Foydalanuvchilar virtual yordamchi u yoki bu — aksariyat hollarda juda sodda — narsalarni bajara olmasligiga duch keladi hamda kutilgan javob o‘rniga befoyda qidiruv so‘rovini oladi. Ayni vaqtda, virtual yordamchilar ko‘p, har biri turli-turli imkoniyatlar bilan to‘ldirilgan, shu sababli qay biri nimaga qodirligi eslab qolish ham bir muammo.

Eng yomoni, turfa xillilik bitta ekotizim ichida ham kuzatilayotgani. Masalan, Android qurilmalaga o‘rnatilgan Google Keep qaydnomalar menejeri xaritadagi ma’lum bir nuqtaga bog‘langan eslatmalarni yarata oladi, biroq Google tomonidan yaqinda chiqarilgan Allo messenjeriga sozlangan “aqlli” bot bu vazifani uddalay olmaydi. Xuddi “menga bu haqda ikki soatdan so‘ng eslat” degan va avvalgi buyruq bilan bog‘liq oddiy ko‘rsatmani tushunmaganidek.

Bu kabi muammolar Siri foydalanuvchilariga ham tanish. Farq shundaki, marketing maqsadlarini ko‘zlab Apple assistentiga bir qator qiziqarli buyruqlar (masalan, “qo‘shiq kuylab ber” yoki “0 ni 0 ga bo‘lsa necha bo‘ladi?” qabilidagi) kiritilgan, shu sababli ham u biroz aqlliroqdek tasavvur beradi.

4. Ular bizni yozib oladi

Ovozli yordamchilar quyidagi tartibda ishlaydi: ular ovozli buyrug‘ingizni yozib oladi, uni serverga yuboradi, u yerda ovozingiz rasshifrovka qilinadi va undan kelib chiqib javob yo‘llanadi. Biroq yozib olingan ovozingiz serverlarda saqlanib qoladi.

Google o‘z foydalanuvchilariga o‘zi saqlab qo‘ygan buyruqlarni eshitish imkonini ham beradi va bu juda qo‘rqinchli. Bir vaqtning o‘zida korporatsiya ixtiyorida sizning nafaqat matnli so‘rovlaringiz (bu holatda o‘zingizni: “Ularni men kiritmaganman, mushuk klaviaturaning ustiga chiqib olganida shunday bo‘lgan”, deb oqlashingiz mumkin), balki o‘z ovozingiz bilan aytgan gaplaringiz ham bo‘ladi.

Xulosa: ulardan faqat juda sodda narsalar uchun foydalanish mumkin

Agar ikki-uchta juda oddiy vazifalarni hal qilish: ob-havo haqida ma’lumot olish, musiqa qo‘yish, onangizga qo‘ng‘iroq qilish kabilar uchun ishlatsangiz, ovozli yordamchilar bilan ko‘p muammo kelib chiqmaydi (aytmoqchi, yordamchi onangizga qo‘ng‘iroq qila olishi uchun, aloqalaringiz ro‘yxatida onangizning ma’lumotlari haqiqatan ham faqat bitta “Ona” kontaktiga yozilgan bo‘lishi kerak). Qolgan barcha narsa uchun bu yordamchilar hozircha juda noqulay.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.