«Siz hammadan aqllimisiz?»

  •   DiMaX
  •  1111
  •  22.01.2017 12:15

«Siz hammadan aqllimisiz?»

Sidni Finkelshteyn o‘zining «Superbosslar: Muvaffaqiyatli yetakchilar iste’dodlarni qanday izlashadi» kitobida, muvaffaqiyatli tadbirkorlar ishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan suhbatlarda nomzodlarga beradigan savollardan ayrimlarini e’lon qilgan.

Muallifning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatli kompaniya rahbarlari odatda nomzoddagi uchta jihatga ahamiyat qaratishadi: intellekt darajasi (lekin IQ darajasi emas), kirishimlilik va do‘stlik tuyg‘usi.

Masalan, Oracle rahbari Larri Ellison suhbatdan o‘tkazayotgan odamiga albatta: «Siz o‘zingiz bilgan odamlar ichida eng aqllisimisiz deya savol beradi. Agar nomzod «Yo‘q», deb javob bersa, Ellison undan kimni aqlliroq hisoblashini so‘raydi. Keyin esa bu nomzod bilan xayrlashib, u aytgan aqlliroq kishi bilan bog‘lanadi.

Tesla asoschisi Elon Mask esa uncha katta bo‘lmagan mantiqiy savollar berishni yaxshi ko‘radi: «Siz Yer yuzasidagi bir nuqtada turibsiz. Bir kilometr janubga yurasiz, keyin bir kilometr g‘arbga. So‘ng bir kilometr shimolga yursangiz, yana o‘sha boshlang‘ich nuqtangizga borib qoldingiz. Qayerda turibsiz o‘zi. Business Insider nashrining yozishicha, bu jumboqning bir nechta to‘g‘ri javobi bor. Ulardan biri – Shimoliy qutb.

Mask ko‘pincha, nomzod avvalgi ish faoliyatida duch kelgan biror muammoni qay yo‘sinda hal etganligi bilan qiziqadi: «O‘z karerangiz davomida sizga qanday muammolar to‘sqinlik qilgan va ularni qanday bartaraf etgansiz. Nomzod biror voqeani gapirib berganidan keyin esa u tafsilotlarini surishtirgan. Bu yo‘l bilan u, ro‘parasidagi kishi chindan ham shularni o‘z boshidan kechirgani yoki shunchaki birovning hikoyasini o‘zlashtirib olib gapirib berganini aniqlar ekan. Qilingan ishning eng mayda tafsilotlarini ham bilishi nomzodning unga qanchalar aloqadorligini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi Mask.

Google HR-direktori Lazlo Boka ham shunga o‘xshash strategiyani qo‘llaydi. Odatda u nomzodning murakkab tahlilni talab etuvchi muammolarni yechish bo‘yicha ish tajribasi bilan qiziqadi.

Muhandis Jeff Nelson 1999 yili Elon Mask bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni eslaydi (Mask o‘shanda X Commerce moliyaviy loyihasi ustida ish olib borayotgandi). Mask suhbatda ish taklif qilishdan avval, muhandisga atigi ikkita savol bergan: «Besh yildan keyin siz nima bilan shug‘ullanishni istaysiz?» va «Menga qanday savollaringiz bor?».

Nelson unga kelajakda ko‘proq menedjerlik ishlari egasi bo‘lishni istashini aytgan va Maskning biznes-loyihasida qanday tavakkalchiliklar mavjudligini so‘ragan. Tadbirkor kompaniyaning bozor o‘sishiga bog‘liqligi haqida gapirib bergan. Suhbat shu bilan tugagan, keyinroq u ish taklifini yuborganida, Nelson baribir rad etgan.

Finkelshteyn yozadiki, ishni rad etish nomzod va rahbarning aloqalariga salbiy ta’sir etmaydi, balki ko‘pincha nomzodning o‘z  imkoniyat va sifatlarini to‘g‘ri baholay olishini anglatadi.

Bunga misol sifatida muallif Jeyms Grinning Stiven Jobs bilan suhbatini keltiradi. 1997 yili Apple va Pixar asoschisi Magnetic qidiruv kompaniyasining bo‘lajak rahbarini o‘zining Palo-Altodagi uyiga taklif etgan. Grinning xotirlashicha, bu ish yuzasidan o‘tkaziladigan suhbatdan ko‘ra ko‘proq ikki kishining o‘zaro gurungiga o‘xshab ketgan.

Apple aoschisi o‘shanda Grinning Disney va Pixar orasidagi bog‘lovchi rishta bo‘lishini istagan. U yangi lavozimda qanday vazifalarni bajarish kerakligini tushuntirib bergach, Grin bu taklifni rad etgan. «Bir umr Jobs men uchun namuna bo‘lgan, ammo men unga, bunaqa ishga kirishni hech kimga maslahat bermasdim, deb javob berdim. Vositachi bo‘lish qiyin narsa», deya eslaydi u.

Shunda Jobs unga boshqa vakansiyani – Pixar’ning qisqa metrajli filmlar bo‘limida marketolog lavozimini taklif qiladi va suhbatdoshi rozi bo‘ladi. Yangi lavozimda bir hafta ishlab ko‘rgach, Grin tushunib ketdiki, uning majburiyatlari doirasiga baribir boshida Jobs taklif qilgan o‘sha vazifa – Disney va Pixar o‘rtasida vositachilik kirar ekan.

Filkenshteynning ta’kidlashicha, yirik kompaniyalarning omadli rahbarlari nomzodlar bilan uzundan-uzoq suhbatlar o‘tkazishmas, atigi bir necha savol bilan cheklanishar ekan.

Masalan, angliyalik tadbirkor Virgin xoldingi asoschisi Richard Brenson ko‘pincha, nomzod o‘z rezyumesida ko‘rsatmagan narsalarni so‘raydi.

Investor Piter Tilning sevimli savoli bunaqa ekan: «Menga ayting-chi, siz nimani ayni haqiqat, deb bilasiz-u, bunga hech kim ishonmaydi?». Uning fikricha, savolni bu shaklda taqdim etish nomzodning fikrlashdagi o‘ziga xosligini hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchini aniqlashga yordam beradi.

Zappos loyihasi asoschisi Toni Shey barcha nomzodlardan: «Birdan o‘ngacha shkala asosida olganda, siz qanchalik g‘alati odamsiz?» deb so‘raydi. Uning keyingi savoli esa nomzod shu shkala asosida o‘zini qanchalar omadli hisoblashi haqida bo‘ladi.

Nima ham derdik, har kimning o‘z uslubi bor-da.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!