Skanerli displeyga ega smartfonning sotuvga chiqish vaqti va narxi aytildi (+video)

  •   DiMaX
  •  2020
  •  16.01.2018 10:23

Skanerli displeyga ega smartfonning sotuvga chiqish vaqti va narxi aytildi (+video)

Xitoyning Vivo kompaniyasi CES 2018 ko‘rgazmasiga inqilobiy smartfonini olib keldi – unda barmoq izi skaneri bevosita ekranning o‘ziga integratsiya qilingan. Vivo X20 Plus UD rusumli mazkur qurilma uchun yangicha turdagi – Clear ID daktiloskopik datchigini Synaptics kompaniyasi yetkazib bergan.

O‘QING: Vivo skanerli ekranga ega ilk smartfonni taqdim qildi

Garchi smartfonning taqdimotida uning texnik xususiyatlari ma’lum qilingan esa-da, uning qachon savdoga qo‘yilishi, narxi kabi tafsilotlar aytilmagan edi.

X20 Plus UD qurilmasi diagonali 6,43 dyuymga teng bo‘lgan SuperAMOLED-ekranga ega va uning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda. Smartfonning samaradorligini ta’minlash uchun Qualcomm Snapdragon 660 protsessori hamda 4 gigabaytlik tezkor xotira mas’ul. Ichki xotirasi hajmi 64/128 gigabaytga, akkumulyatorining sig‘imi esa 3 900 mA/soatga teng. Ikkita SIM-kartali bu telefonning asosiy kamerasi 5 + 12 megapikselli qo‘shaloq ob’yektivga ega, selfi uchun esa unga 12 megapikselli kamera o‘rnatilgan.

Mana, uning daktiloskopik datchikli ekrani qanday ishlashini quyidagi lavhada tomosha qiling:

Vivo vitse-prezidenti Aleks Fen so‘zlariga qaraganda, ushbu smartfon joriy yilning boshida savdoga chiqariladi. Ya’ni, Vivo X20 Plus UD mana shu yanvar oyining oxirida yoki fevralda sotuvga qo‘yilishi aytilmoqda. Uning narxi taxminan 3 698 yuanga teng bo‘lishini ma’lum qilishgan, bu esa taxminan 575 dollarga to‘g‘ri keladi.

Aytish kerakki, barmoq izi skanerini ekranning o‘ziga integratsiya qilishga ko‘plab yetakchi smartfonsozlar harakat qilishgan. Ammo Vivo ularning barchasini dog‘da qoldirib, mazkur texnologiyaga ega telefonni hammadan burun ishlab chiqardi va taqdim etdi. Endi esa uning savdoga qo‘yilishini kutish qoldi, xolos!

O‘QING: Apple va Samsung uddalay olmagan texnologiyani Vivo amalga oshirdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!