Skype ovozni sinxron tarjima qiladi

Skype ovozni sinxron tarjima qiladi

Skype xizmatida ovozni sinxron usulda tarjima qilish yangi funksiyasi paydo bo‘ldi. Skype Translatorni ovozli va videoqo‘ng‘iroqlarda ishlatishingiz mumkin. Yangi funksiya real vaqtda ingliz, nemis, xitoy, fransuz, italyan va ispan tillaridan ovozli tarjima qiladi. Eslatib o‘tamiz: Skypeda yozma tarjima ham mavjud bo‘lib, xabarlarni 50 tildan o‘zaro tarjima qiladi.

Skype Translator ishga tushirilishi haqida 2014 yil oxirida Microsoft vakillari gapirgan edi. Dekabr oyida esa test rejimida ishlagan Skype faqat ingliz va ispan tillarini o‘zaro tarjima qilgan.

Skype Translator loyihasi uchun Microsoft sinxron tarjimonlarning katta jamoasini ishga olibdi, deb o‘ylamang. Ovozli nutqni mashina aniqlaydi, “o‘qiydi” va avtomatik tarzda tarjima qiladi. Dasturni yaratuvchilarning aytishlariga ko‘ra qancha ko‘p odam so‘zlashsa, tarjima shuncha ravonlashib boraveradi.

Yangi xizmatdan eng birinchi bo‘lib Windows 7, Windows 8 va Windows 10 foydalanuvchilari bahramand bo‘ldilar. Hozircha boshqa operatsion tizimlarda bu xizmatni yo‘lga qo‘yish haqida mutaxassislar indashmayapti. Shunga qaramasdan jahonning ko‘p tillarida sinxron tarjima xizmatini taqdim etish Skype Translatorning bosh maqsadi ekanligi ayon.