Smartfon yo‘qolishining inson ruhiyati va sog‘ligiga ta’siri

Smartfon yo‘qolishining inson ruhiyati va sog‘ligiga ta’siri

Angliyaning The Physiological Society ruhiy tadqiqotlar jamiyati tomonidan odamlarni stressga soluvchi holatlar mavzusida o‘tkazilgan izlanishlar natijasiga ko‘ra, smartfonni yo‘qotib qo‘yish bugungi texno-jamiyat fuqarolari uchun misoli terror tahdidiga uchrash bilan barobar holat ekan. 2 ming ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlardan ma’lum bo‘ldiki, smartfonni yo‘qotgan odam yaqin kishisi dunyodan ko‘z yumganda, o‘zi og‘ir kasallikka chalinganda, shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlatib qo‘yganda, tog‘ bag‘rida dam olishdan mahrum bo‘lganda paydo bo‘ladigan tushkunlikdan kam bo‘lmagan stress olar ekan.

Ayniqsa, erkaklardan ko‘ra bugungi yevropalik ayollarning qo‘l telefonlarini yo‘qolishidan ko‘proq siqilishlari aniqlangan.

Jamiyat tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatda terror tahdidi 13-o‘rinda qayd etilgan. Undan keyingi o‘rinlardan to‘yni rejalashtirish, yangi uyga ko‘chib o‘tish kabi voqealar joy olgan. Jamiyat rahbari Lyusi Donaldsonning ta’kidlashicha, bugungi odamlarni 50 yil avval tasavvurda ham bo‘lmagan smartfon, ijtimoiy tarmoq kabi zamonaviy omillar tushkunlikka solmoqda. Misol uchun, 1960-yillarda o‘tkazilgan xuddi shunday so‘rovda odamlar yaqin kishisidan ayrilish, oilaviy ajrimni kuchli stressning sababchilari deb bilishgan.

“Inson miyasi, asab tizimi va gormonal tizim tushkunlikka nisbatan ojiz bo‘lib, stress inson yuragini ishdan chiqaradi, immun tizimini kuchsizlantirib, oshqozon-ichak faoliyatini buzadi. Tushkunlik uzoqqa cho‘zilsa, u inson hayotiga ham zomin bo‘ladi”, deydi mutaxassis.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.