Smartfonga tobelikdan qutulsa bo‘ladi!

  •   DiMaX
  •  6312
  •  27.03.2017 12:14

Smartfonga tobelikdan qutulsa bo‘ladi!

Zamonaviy kishining bir kunda o‘rtacha uch soat vaqti bevosita smartfon bilan o‘tadi. Ammo uni hamisha qo‘lda ushlab yurishga o‘tdingizmi – demak, hayotingizga o‘zgartirish kiritish kerak ekan. Axir, endi telefon sizniki emas, balki siz uniki bo‘lib boryapsiz!

Bizga yordam berishi kerak bo‘lgan ko‘pchilik texnologiyalar aslida bizning to‘laqonli yashashimizga xalaqit beradi. Bu borada eng ko‘p zarar aynan smartfonlardan keladi, chunki ulardan kun davomida (ba’zilarimiz tun bo‘yi ham) deyarli ajralmaymiz. Olimlarning aniqlashlaricha, smartfonlar paydo bo‘lmasidan avval, oddiy telefonlarga kishilar kuniga o‘rtacha 18 daqiqa vaqt sarflashgan ekan.

«Olimlar qiziq bir so‘rovnoma o‘tkazib ko‘rishdi, – deydi Nyu-York universiteti marketing professori, ruhshunos Adam Alter. – Unda ishtirokchilar shunaqa savolga javob berishgan: «Ikkita variantdan birini tanlang: masalan, yiqilib tushganingizda smartfoningiz singani qo‘rqinchliroqmi, yoki biror suyagingizmi?» So‘rovnoma qatnashgan amerikaliklarning 46 foizi smartfonidan ko‘ra o‘z suyagi sinishini ma’qul ko‘rishgan! Qolgan 54 foizi o‘z sog‘lig‘ini yoqlab ovoz bergan esa-da, ularning bu qarorga kelishi ham oson bo‘lmagan».

Telefonga tobelik qayerdan kelib chiqadi?

O‘rganib qolish, xumor hissi kishining lazzatlanish tuyg‘usiga bog‘liq emas, aks holda, deyarli barchamizni shokolad xumori tutib yurgan bo‘lardi, to‘g‘rimi? O‘rganib qolish, odatda, biror ruhiy stressni olib tashlashga urinishimizdan, qandaydir muammoni hal etishga urinishimizdan kelib chiqadi.

O‘rganib qolish ko‘pincha hayotda biror muammosi bor kishilarda rivojlanadi. Masalan, yolg‘izlikdan aziyat chekayotgan yoki o‘z turmushini yaxshi tomonga o‘zgartirishni eplay olmayotgan bo‘lsa.

«Tinchlanish uchun aynan nima qilayotganingiz muhim emas: kompyuter o‘yini o‘ynaysizmi yoki narkotik qabul qilasizmi… Fiziologiya nuqtai nazaridan xulqiy va narkotik qaramlik o‘zaro juda o‘xshash», – deydi Alter.

Biz stresslar davrida yashamoqdamiz, telefonimiz esa bunda bizni tinchlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ayrim tadqiqotchilar smartfonni hatto kattalar uchun so‘rg‘ichga ham o‘xshatishadi – chaqaloqqa so‘rg‘ich berib tinchlantirib qo‘ygandek, kattalar ham jahlimiz chiqqanida, xafa bo‘lganimizda yoki zerikkanimizda smartfon bilan o‘zimizni ovutamiz. Ammo bu to‘g‘ri yechim emas, axir, vaqt o‘tishi bilan bu faqat muammoni chuqurlashtiradi.

Demak, telefonga tobelikdan qutulishimiz kerak ekan. Xo‘sh, qanday qilib?

Qaramlikdan qutulish yo‘llari

  1. Telefonni qo‘lda ushlab yurmang

Atrofingizdagi vaziyatni o‘zgartirishga urinib ko‘ring: sizni vasvasaga solayotgan shu matohni o‘zingizdan uzoqroq tuting. Telefonni sal nariroqqa qo‘yingki, unga uzanib, qo‘lingizga olishingiz oson bo‘lmasin. Yaxshisi, uni xonaning narigi burchagida qoldiring, baribir jiringlasa ovozini eshitasiz-ku. Smartfonni yoningizda qo‘yib turib, unga teginmasdan irodangizni sinashingizdan ko‘ra baribir mana shu usul samaraliroq-ku.

Agar biror sabab bilan telefonni yoningizda qo‘yishga to‘g‘ri kelib qolsa, undagi keraksiz bildirishnomalarni uzib qo‘ying. Ko‘p vaqtingizni olib qo‘yadigan ilovalarni esa bitta papkaga joylab, ichkariroqqa yashirib qo‘ying.

  1. To‘xtashingizga o‘zingiz yordam bering

Bir daqiqaga deb telefonni qo‘lga olasiz-u, birpasda bir soat o‘tib ketganini payqamay ham qolasiz… Sizdayam shunaqa bo‘lgan-ku, to‘g‘rimi? Ijtimoiy tarmoqlardagi bildirishnomalarni qarab chiqqunimizcha yangi xatlar keladi. Ularni ko‘rib chiqquningizcha biror tanishingiz messenjerda xabar yuboradi. So‘ng, chiqish oldidan, deya yana ijtimoiy tarmoqlarga qarab qo‘yasiz… Shu tariqa, yopiq aylanaga tushib qolasiz, olimlar buni «o‘yin sirtmog‘i holati» deb atashadi. Odatda bu holat o‘yin avtomatlarida o‘ynayotganimizda yuzaga keladi, ammo kompyuter va smartfonga o‘ralashib qolish ham undan ko‘p farq qilmaydi.

Bizni sun’iy xotirjamlik holati o‘ziga tortadi. Unda qolish uchun, biz qayta va qayta bir xil harakatlarni takrorlayveramiz. Chetdan kimdir yoki nimadir chalg‘itib, bu holatdan tortib chiqarmagunicha, biz o‘zimizni to‘xtata olmaymiz.

Adam Alter

Shunaqa chalg‘ituvchi vositani oldindan rejalashtirib qo‘ying. U sizga to‘xtash vaqti kelganini eslatib, sun’iy xotirjamlik holatidan chiqarib oladigan bo‘lsin. Masalan, teskari sanoq taymeri ham qo‘l keladi. Biror ilova yoki ijtimoiy tarmoqqa kirishdan avval taymerni ishga tushiring. Signal jaranglashi bilan o‘sha ermakni to‘xtatib, telefonni nariroqqa surib qo‘ying.

  1. Zararli odatdan qutulish o‘rniga, uni foydalisiga almashtiring

Divanga o‘tirayotganingizda, telefon sizdan uzoqroq tursin, yoningizda esa biror foydali kitob bo‘lsin. Smartfonni kavlashtirgingiz kelganida kitobni olib, mutolaaga kirishing. Boshlanishiga sal qiyin bo‘lishi mumkin, shuning uchun sal hazmi osonroq – qisqa hikoyalar yoki turli faktlar, qiziqarli voqealar kitoblaridan boshlang. Shu tariqa, voz kechishingiz kerak bo‘lgan zararli odatingizni asta-sekinlik bilan foydalisiga almashtirib olasiz.

Agar uzoqroq vaqt smartfoningiz bilan yolg‘iz qolishingizga to‘g‘ri kelsa va yoningizda kitobingiz bo‘lmasa, telefoningizdan ham to‘g‘ri foydalaning. Buning uchun, masalan, unga elektron kitoblar yuklab qo‘yish mumkin. Instagram yoki boshqa biror ilovada yangiliklarni ko‘rib chiqqach, ilovaning o‘zini ham o‘chirib tashlang. Shunda keyingi gal yana kirgingiz kelganida uni boshqatdan o‘rnatishingizga to‘g‘ri kelib qoladi, bu orada boshqa narsaga chalg‘ishingiz mumkin.

Mutolaa qilishga mo‘ljallangan ilovalarni esa bosh ekranga joylashtirib qo‘ying. Uni qo‘lga olganingizda, birinchi galda shu kabi foydali dasturlarga ko‘z yugurtiring.

Xulosa

Odatda hayotingizda biror muammo bo‘lsa, biror nimaga qaramlik rivojlanadi. Demak, hamisha telefoningizni tekshirib qo‘yishga o‘zingizda qandaydir ichki ehtiyoj sezayotgan bo‘lsangiz, bu – birinchi navbatda hayotingizdagi qaysidir jihatlarga o‘zgartirish kiritish kerakligiga ishoradir.

Agarda to‘laqonli hayot bilan yashayotgan va o‘z yaqinlaringiz bilan yaxshi munosabatlarda davom etayotgan bo‘lsangiz, biror nimaga o‘rganib qolishingiz ehtimoli ancha kam bo‘ladi.

Adam Alter

Agarda smartfonga bog‘lanib qolish odatingizdan qutulishni istasangiz, ko‘proq vaqtingizni yaqinlaringiz bilan muloqotda o‘tkazing. Tushuning – ular bilan sizning orangizda to‘siq bo‘layotgan vosita – aynan shu telefoningizdir! Uni faqat ish yuzasidan gaplashish, biror yaqiningiz bilan muloqot qilish, zarur ma’lumotni izlash uchungina qo‘lga oling.

Xullas, qo‘lingizdagi dushmaningizni do‘stga aylantirish o‘z ixtiyoringizda!

Darvoqe, ijtimoiy tarmoqlarga tobelikdan qutulish yo‘llari haqidagi maqolamizga ham nazar solishni tavsiya etamiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.