Smartfonlar “elektron uyqusizlik”ni keltirib chiqarmoqda

Smartfonlar “elektron uyqusizlik”ni keltirib chiqarmoqda

Yaqinda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida mobil telefonlar “elektron uyqusizlik”ka sabab bo‘layotgani aniqlangan. Telegraf nashrining yozishicha, Britaniyada istiqomat qiladigan maktab yoshidagi bolalarning 45 foizi mana shunday salbiy ta’sir ostida ekan.

O‘smirlar bilan amalga oshirilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, aksariyat bolalar o‘rtacha bir soat uyquga sarflanishi kerak bo‘lgan vaqtni smartfonga termulib o‘tkazishmoqda. Lekin bu bilan smartfonning ta’siri cheklanmayapti: u tun davomida turli bildirishnomalar, signal va vibratsiyalar bilan o‘smirlarni bot-bot uyg‘otmoqda.

Natijada uyqudan olinadigan hordiq miqdori sezilarli darajada kamayib ketmoqda. Bu esa maktab yoshidagi bolalarning kunduzi diqqatini yig‘ishga, darsni o‘zlashtirishiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatishi ma’lum.

Britaniyalik olimlar ota-onalarga bolalar bilan smartfonning uyquga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri borasida tushuntirish ishlarini olib borish va uxlashdan avval bolalarning gadjetlarini o‘chirishni tavsiya etishmoqda. Shuningdek, manbada keltirilgan xabarga ko‘ra, kerakli miqdorda uxlamaydigan odamlarda yosh, tana tuzilishi va boshqa sabablarga qaramay yurak kasalliklari ortishi qayd etilgan.