Smartfonlar uchun optimal dioganal ekran hajmi qanday?

Smartfonlar uchun optimal dioganal ekran hajmi qanday?

Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Djobs smartfonlar uchun optimal dioganal ekran 3,5 dyuym bo‘lishi kerak, deb hisoblagan va 2007 yilgi birinchi iPhone ana shunday o‘lchamda edi. Hozir esa vaqt o‘tdi va qurilmalar yiriklashib bormoqda. Hatto Apple kompaniyasi o‘z standartlarini buzishga ham ulgurdi.

Zamonaviy foydalanuvchilar qanday o‘lchamdagi qurilmalarni ma’qul ko‘rishadi? Strategy Analytics tahlil kompaniyasi shu masalani o‘rganib chiqdi.

AQSh va Britaniyada o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning ko‘pchiligi ideal dioganalni 5,3 dyuym, deb hisoblaganlar. 5-dyuymni ma’qul ko‘ruvchilar ikkinchi, 5,5-dyumga ovoz berganlar uchinchi o‘rinni egallagan. Amerikaliklar yevropaliklardan ko‘ra ko‘proq yirik dioganal ekranli apparatlar sotib olishadi.

Strategy Analytics`ning qayd etishicha, o‘tgan 2014 yilda ham shunday ko‘rsatgich kuzatilgan va yaqin yillar o‘zgarishi qiyin.

So‘rovda ishtirok etganlarning ko‘pchiligi o‘zlari ayni damda tutayotgan smartfondan yirikrog‘ini afzal ko‘rishlarini ma’lum qilishgan. Qurilmalarning qalinligi ular uchun ko‘p ham ahamiyatga ega emas. Bundan tashqari, ko‘pchilik nisbatan qalin, ammo akkumulyator quvvati yaxshi va ko‘p xizmat qiladigan smartfonlarga ko‘nikkan.

Shunga o‘xshash tadiqotlarni boshqa kompaniyalar ham avvalroq o‘tkazgan edi. Masalan, o‘tgan yilning boshidagi PhoneArena so‘rovida natijalar boshqacharoq edi. E’tibor bersak, o‘shanda 4 dyuymdan kichikroq smartfonga e’tibor kam bo‘lgan va 4,5 dan 5 dyuymgacha bo‘lganlariga qiziqish kuchli edi. Uch yillar avval 3,5-4 dyuym ekranli smartfonlar 35 % foiz ovoz yiqqan.

Shuningdek, DeviceAtlas kompaniyasi ham joriy yilning noyabr oyidagi tadqiqot o‘tkazdi. Unda AQSh, Yaponiya, Avstraliya, Hindiston, Nigeriya va Yevropaning beshta yirik mamlakatlari fuqarolari ishtirok etgan. O‘shanda respondentlarning ko‘p qismi 4,7-dyuym smartfonni ma’qul ko‘rishlarini ma’lum qilgan.

Sizga qanday hajmdagi smartfon yoqadi? O‘z izohlaringizni qoldirishingiz mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!