Smartfonlarning 25% ga qimmatlashuvi kutilmoqda

Smartfonlarning 25% ga qimmatlashuvi kutilmoqda

2017 hamda 2018 yillarda jahon smartfon bozorida kuchli, shu bilan birga qimmat smartfonlar soni ko‘payib ketdi. Misol uchun, Apple iPhone X flagmani bugungi kunda 1400 AQSh dollaridan, Samsung Galaxy S9 flagmani 1000 AQSh dollaridan sotilmoqda. Xaridorlar ham qimmatbaho gadjetlar uchun so‘ralgan narxni to‘lashdan qaytmayaptilar.

Bunday "osmondagi" narx-navolar hali holva bo‘lib qolishi mumkin. Sababi, yaqinda smartfonlar narxi jahon miqyosida 25 foizga oshishi mumkin. Ya’ni, taxminan to‘rtdan bir barobarga. AQSh hukumati qabul qilishni reja qilgan qonun bu holatga sababchi bo‘lishi mumkin.

AQSh prezidenti boshqaruvining ma’lum qilishicha, hukumat yaqinda qabul qilishni reja qilayotgan qonunga ko‘ra, endi Xitoydan import qilinayotgan mahsulotlarga 25% miqdorida soliq to‘lanadi. Bu yerda gap 300 turdan ziyod mahsulotlar, jumladan smartfon, planshet, router, kamera, noutbuk va boshqa tovarlar xususida ketmoqda.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali AQSh iqtisodiyoti yiliga qo‘shimcha $60 mlrd dollar foyda ko‘radi.

Oq uyning ma’lum qilishicha, Osmonosti mamlakatida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qo‘yilayotgan 25% miqdoridagi soliq Xitoy hukumati bilan yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklar bilan bog‘liq. Aniqrog‘i, Xitoydagi elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Amerikaning Microsoft, Apple, Google, Intel, Qualcomm va boshqa yetakchi ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulklarini, patentlarini noqonuniy o‘zlashtirmoqdalar. Xitoy hukumati esa bunga qarshi chora ko‘rmayapti, aksincha mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirmoqda. Shu bilan birga, Xitoy AQSh ga tegishli bir qancha texnologik ishlanmalarni noqonuniy o‘zlashtirmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentining ma’muriyatiga ko‘ra, har yili mamlakatga Xitoydan $375 mlrd dollar miqdoridagi mahsulotlar import qilinadi. Donald Tramp bu mablag‘ni yaqin yillar ichida $100 mlrd dollarga kamaytirishni reja qilmoqda. Bu esa AQSh ni mahsulot masalasida Xitoyga qaramlikdan xalom qiladi hamda mamlakatda yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun hissa qo‘shadi.

Shu bilan birga, AQSh hukumati Apple'dan iPhone smartfonlarini ham Amerikada ishlab chiqarishni talab qilmoqda.

Bundan kelib chiqadiki, agar AQSh bu qonunni qabul qiladigan bo‘lsa, barcha smartfonlar 25% ga qimmatlashadi. Misol uchun, hozir iPhone X bahosi $1400 dollar bo‘lsa, qonunda belgilangan soliq bilan uning narxi $1750 dollarga aylanadi.

Apple mahsulotlari mahalliy bozorda eng arzon bo‘lishi uchun ishlab chiqaruvchi jahonning boshqa hududlarida ham mahsulotlari narxini 25% ga oshirishga majbur bo‘ladi. Jahonning deyarli barcha smartfon ishlab chiqaruvchi korporatsiyalari narxni shakllantirishda yagona tamoyilga asoslanadilar. Shu sababli, AQSh dagi narx-navo siyosati butun jahon smartfon bozoridagi holatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!