Smartfonni burun yordamida boshqaruvchi «aqlli» ko‘zoynak yaratishdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  823
  •  21.09.2017 11:42

Smartfonni burun yordamida boshqaruvchi «aqlli» ko‘zoynak yaratishdi! (+video)

Smart-ko‘zoynaklarga virtual reallik, to‘ldirilgan reallik va hokazo texnologiyalar yuklanib turgan bir zamonda, olimlar unga yangicha funksiya qo‘shishdi. Endi «aqlli» ko‘zoynak telefonni burun yordamida boshqarish imkonini beradi, deb yozadi The Verge portali.

Yangi ishlanma Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh olimlarining hamkorlikdagi faoliyati mahsulidir. Yangi gadjetga uchta elektrookulografik datchik o‘rnatilgan, ular inson tanasining elektrostatik potensialini o‘lchab turadi. Bunaqa datchiklar odatda shifokorlar tomonidan, bemorning ko‘z faolligini qayd etishda qo‘llanadi. Shuningdek, kino sanoatida ham elektrookulografik datchikdan foydalaniladi: ular kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan personajlarning ko‘z harakatlarini jonli chiqarishda qo‘l keladi.

Xullas, yangi «aqlli» ko‘zoynakdagi datchiklar burunning holatini kuzatib turadi. Foydalanuvchi burnining uchini barmog‘i bilan chapga yo o‘ngga sal burganini, ushlab qo‘yganini bu datchiklar darrov sezadi va tegishli buyruqlarni smartfonga yuboradi.

«ItchyNose» deb nomlangan mazkur tizim tufayli, ixtiro mualliflarining fikricha, zamonaviy qurilmalarni qo‘llashdagi noqulaylikni kamaytiradi. Masalan, ish yuzasidan bo‘layotgan suhbat chog‘ida, yig‘ilishlarda smartfonga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi, deylik. Uni cho‘ntakdan chiqarib, ovozini va vibratsiyasini o‘chirib, qaytarib solib qo‘yish o‘rniga, burunning uchini sal ushlab qo‘yish – ancha qulay va atrofdagilarning diqqatini bo‘lmaydigan harakatdir.

Biroq ayni damda mazkur «aqlli» ko‘zoynakdan foydalanish imkoniyatlari cheklangan. Masalan, u smartfonni to‘liq va aniq boshqarishga hozircha yaramaydi. Ammo yaqin kelajakda mazkur texnologiyani rivojlantirishdan umid qilsa bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, ular hozirda burunga beixtiyor va atayin teginishlarni farqlashni tizimga o‘rgatishmoqda. Shuningdek, aniq ishlashi uchun qurilma aniq bir kishining – smart-ko‘zoynak egasining burun tuzilishiga, harakat xususiyatlariga moslashishi ham kerak bo‘ladi.