Snapdragon 1000'da ishlaydigan ilk gadjet ma’lum bo‘ldi

Snapdragon 1000'da ishlaydigan ilk gadjet ma’lum bo‘ldi

Mobil chip ishlab chiqarishda jahonda mashhur Qualcomm kompaniyasi Intel kompaniyasiga qarshi Snapdragon 1000 protsessorini ishlab chiqaradi. Personal va mobil kompyuerlarga mo‘ljallangan bu texnik yechim joriy yilning oxiri yoki yangi yil boshida taqdim qilinadi.

Bir necha kun avval tez orada jahon elektronika bozorida Windows 10 operatsion boshqaruv tizimi hamda Snapdragon 850 protsessorida ishlaydigan noutbuklar chiqarilishi ma’lum bo‘lgan edi. Snapdragon 850 jihatlariga ko‘ra Snapdragon 845 chipsetining takomillashgan talqini hisoblanadi.

Manba taqdim qilgan ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, navbatdagi kuchli protsessor Snapdragon 1000 deb nom oladi. Ushbu protsessordan Windows 10 tizimidagi kompyuterlarda ham foydalanish mumkin. Bir kristalli mazkur texnologik tizim ustida ayni paytda tajribalar olib borilmoqda.

Snapdragon 1000 — Qualcomm kompaniyasining raqibi Intel'ga qarshi ishlab chiqargan ilk protsessori bo‘ladi. Gap shundaki, hozircha samaradorlik masalasida Qualcomm hali Intel uchun munosib raqib bo‘ladigan chipset ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lmagan.

Hozircha yangi chipset to‘g‘risida batafsil ma’lumot yo‘q, biroq ayrim insayderlarning yozishlaricha, yangi chipset 6,5 Vt kuchlanishidagi tokda faoliyat ko‘rsatadi. Snapdragon 845 chipsetida bu ko‘rsatkich 5 Vt ekanini hisobga olsak, yangi protsessorning samaradorligi ancha oshgan.

Shu bilan birga, manba Qualcomm kompaniyasi Snapdragon 1000 chipsetida ishlaydigan ilk noutbukni Asus ishlab chiqarishini ham ma’lum qilgan. Ushbu noutbukning ishchi nomi Primus. Uning joriy yilning kuzida taqdim qilinishi kutilmoqda.

2017 yilning dekabridan boshlab Qualcomm hamda ASUS, shuningdek HP brendlari Snapdragon 835 mobil chipi va Windows 10 tizimida ishlaydigan ilk noutbuklarini taqdim qilgan edilar. Ular samaradorlikda ultrabuklardan qolishmaydilar.

Bunday noutbuklarning quvvat tejamkorligi yuqori bo‘lgani tufayli bir marta quvvatlangandan so‘ng 20 soat ishlay oladilar. Shu bilan birga, bunday noutbuklarda smartfonlardagi kabi kutish rejimidan tezda "uyg‘onish" funksiyasi ham bor. Shu kunlarda bundan ilhom olgan Apple ham mobil protsessorlarni noutbuklariga tatbiq qilish ustida bosh qotirmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!