Snapdragon 835 chipiga ega navbatdagi ilg‘or smartfon taqdim qilindi

Snapdragon 835 chipiga ega navbatdagi ilg‘or smartfon taqdim qilindi

Tayvanlik gadjetlar ishlab chiqaruvchisi ASUS brendi Zenfone 4 smartfonlari turkumini ASUS Zenfone 4 Pro flagmani bilan boyitdi.

ASUS Zenfone 4 Pro 5.5 dyuymli FHD, Super AMOLED matritsali ekranga ega bo‘lgan. Devaysda Qualcomm'ning 64 bitli hamda 8 yadroli innovatsion Snapdragon 835 protsessori o‘rnatilgani, shuningdek grafik-tasvirni Adreno 540 video-kartasi qayta ishlashi uning o‘ziga xos jihatlari sirasiga kiradi.

ASUS Zenfone 4 Pro 6 gigabaytgacha tezkor, shuningdek 128 gigabaytgacha sig‘imli doimiy xotiraga, 3,600 mA soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi.

Yangi smartfonning bosh kamerasi uchun 12 MP + 16 MP sensorlar tanlangan. Ularning optik linza hajmi f/1.7 ga teng. Kamerada optik barqarorlashtirish, optik yaqinlashtirish funksiyalari mavjud. Selfilar uchun esa 8 megapikselli kamera mas’ul.


Yana bir o‘ziga xos jihati -- ASUS Zenfone 4 Pro Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimining o‘zlashtirilgan ZenUI 4.0 talqinida ishlaydi.

ASUS Zenfone 4 Pro aloqaning WiFi, 3G, LTE, Bluetooth, GPS, A GPS, GLONASS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Gadjet sentyabrdan 599 AQSh dollari bahosida sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, kompaniya ZenFone 4 smartfonini ham taqdim qilgan. ZenFone 4 ham 5,5 dyuymli Full HD (1920 x 1080 pikselli) displeyga ega bo‘lgan. Faqat bu smartfonda IPS+ matritsasi tatbiq qilingan.
ZenFone 4 qo‘sh kamerali bo‘lib, bosh kamera 12 megapikselli Sony IMX362 hamda 8 megapikselli keng burchak ostida surat oluvchi yordamchi sensorga ega bo‘lgan. Old kameraga 8 megapikselli sensor tanlangan.  

Apparat ta’minoti uchun talqiniga ko‘ra Qualcomm Snapdragon 660 yoki  Snapdragon 630 chiplari, shuningdek 6 GB yoki 4 GB sig‘imli tezkor xotira o‘rnatilgan.

ZenFone 4 akkumulyatorining sig‘imi 3300 mA soat. Smartfon aloqaning 4G LTE  Cat 12, Wi-Fi (802.11ac), NFC standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon $399 dollardan sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!