Sony 150 megapikselli kamera sensorini yaratmoqda

Sony 150 megapikselli kamera sensorini yaratmoqda

Sony’ning kamera matritsasidagi megapiksellar soni 2016 yilda 3 xonalik raqamlarda ifoda qilina boshlandi. Ya’ni, kompaniyaning IMX211 datchigining megapiksellar qamrovi 100’ga teng. O‘rtacha kattalikdagi kamera sensori ayni paytda Phase One XF 100MP professional kamerasiga o‘rnatilgan. Joriy yilda IMX211 sensorining oq-qora suratga oluvchi talqini namoyish qilinadi.

2018 yilda esa yanada takomillashgan matritsa — IMX461 kamera sensori taqdim etiladi. Unda asosiy e’tibor yorug‘lik qamrovini kengaytirishga qaratilib, kamera moduli maxsus optik va texnologik elementlar bilan boyitiladi. Natijada, yorug‘lik yetishmaydigan sharoitda ham detallarga boy surat olish mumkin bo‘ladi. 150 megapikselli IMX411 datchigi rangli va oq-qora suratga oluvchi versiyalarda taqdim etiladi.

Bunday kamera nimaga kerak?
Yangi sensor yuqori sig‘imli suratlar olish va undagi kerakli qismni yaqinlashtirib, batafsil ko‘rish imkonini beradi. Sony bu kamera modulini mikroskop, dronlar orqali yuqoridan tasvirga olish va boshqa texnologiyalarda foydalanishni tavsiya qilmoqda. 150 megapikselli matritsa ayniqsa, katta hududlarni egallagan maydonda video kuzatuv tizimini yo‘lga qo‘yish uchun ayni muddao.

Canon 2015 yilda tajriba loyihasi sifatida taqdim qilgan 250 megapikselli sensor hali ham tijorat maqsadlarida tatbiq qilinmaganini ham unutish kerak emas. Ko‘ramiz, ehtimol jahonning 1-raqamli “elektron ko‘z” ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Sony bu ishni uddalar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!